Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkian AQSh, Isroil va Yevropa yetakchilarini mamlakatdagi iqtisodiy muammolar fonida yuzaga kelgan norozilik namoyishlarini ataylab qo‘zg‘atishda aybladi. U bu haqda 31-yanvar kuni davlat televideniyesi orqali qilgan murojaatida ma’lum qildi.
Prezidentning ta’kidlashicha, tashqi kuchlar Erondagi inflyatsiya va turmush darajasining pasayishidan foydalanib, jamiyatni ichkaridan parchalashga harakat qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilarga turli resurslar yetkazilgan, ayrim oddiy fuqarolar esa bu jarayonga ataylab jalb etilgan.
“Donald Tramp, Benyamin Netanyaxu va ayrim yevropalik yetakchilar bizning muammolarimizdan foydalanib, odamlarni ko‘chaga olib chiqishga, nizolar va nafrat uyg‘otishga urindi. Bu oddiy ijtimoiy norozilik emas edi”, — dedi Pezeshkian va jarayon muvofiqlashtirilgan siyosiy harakat bo‘lganini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yil oxirida Eronda iqtisodiy vaziyat keskinlashuvi ortidan mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlangan edi. Ushbu voqealar xalqaro miqyosda ham keskin munozaralarga sabab bo‘lib, AQSh va Yevropa Ittifoqi Eron rasmiylariga nisbatan yangi bosim choralarini muhokama qilmoqda.


