Eronda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlarini bostirish jarayonida halok bo‘lganlar soni keskin oshgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Iran International nashrining surishtiruviga ko‘ra, so‘nggi kunlarda yuz bergan voqealar oqibatida kamida 12 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Xabarda aytilishicha, hukumat namoyishlarni kuch bilan bostirish bilan birga, axborot tarqalishini cheklashga ham urinmoqda. Mamlakatda internet aloqasi jiddiy darajada cheklangan, mustaqil OAV faoliyati to‘xtatilgan. 8-yanvardan buyon yuzlab gazeta va nashrlar sukut saqlamoqda, axborot maydonida asosan davlat nazoratidagi OAV qolgan.
Surishtiruv natijalariga ko‘ra, eng ko‘p qurbonlar 8–9-yanvar kunlari qayd etilgan. Manbalar bu voqealarni tasodifiy to‘qnashuv emas, balki oldindan rejalashtirilgan va muvofiqlashtirilgan kuch ishlatish deb baholamoqda. Halok bo‘lganlarning katta qismini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etgani ta’kidlanmoqda.
Iran International ma’lumotiga ko‘ra, namoyishchilarga qarshi asosan “Islom inqilobi muhofizlari korpusi” va “Basij” bo‘linmalari jalb qilingan. Rasmiy idoralar qurbonlar sonini e’lon qilishdan bosh tortmoqda. Dastlab iqtisodiy muammolarga qarshi boshlangan noroziliklar qisqa fursatda siyosiy tus olib, Eron tarixidagi eng og‘ir ichki inqirozlardan biriga aylangani qayd etilmoqda.


