Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi oʻtkazildi. Unda deputatlar tomonidan “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasida isteʼmol uchun ishlatiladigan goʻsht va boshqa mahsulotlar olinadigan hayvonlar qatoriga eshak goʻshtining ham qoʻshilishi JST talablariga bogʻliq boʻlishi mumkin. Chunki jahon bozorida eshak goʻshti isteʼmoldagi goʻsht hisoblanadi hamda undan turli oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlanadi.
Xabarga koʻra, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi. Shu sababdan isteʼmol uchun ishlatiladigan goʻsht va boshqa mahsulotlar olinadigan qoramol, qoʻy va echki, choʻchqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xavfini tugʻdirishi mumkin boʻlgan hamda kasallik kirib kelishining oldini olish, epizotik osoyishtalikni taʼminlash maqsadida, it, mushuklar identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish boʻyicha Jahon bankidan 33 mln dollar mablagʻ ajratilgan. 2024-2025-yillarda 25 ta tumanda, 2027-yil 1-yanvargacha barcha hududda chorva hayvonlari toʻliq identifikatsiya qilinadi.


