Eski “dard”
7-oktabr tongi — “jin ko‘zadan chiqdi”. Rossiya — Ukraina mojarosi hali nihoyasiga yetmay, Yaqin Sharqda urush boshlandi. HAMAS harakati Isroil bo‘ylab minglab raketalar uchirdi, qurollangan guruhlar chegarani buzib o‘tib aholi yashash manzillariga hujum qilishdi, yuzlab kishilar o‘ldirildi va garovga olindi (ular orasida tinch aholi vakillari ham, harbiylar ham bor). Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektori bo‘ylab o‘t ocha boshladi: qurbonlar soni 2 mingga yaqinlashmoqda.
G‘azo sektori O‘rta yer dengizi sohilidagi hudud bo‘lib, umumiy maydoni 365 kvadrat kilometr va 2,3 million aholiga ega. Bu mintaqa dunyodagi eng zich joylashgan mintaqalardan biridir.
G‘azoning barcha havo hududi va qirg‘oq xavfsizligi Isroil nazorati ostida. Yaʼni, yuk tashish ham ularning qo‘lida. Misr ham xuddi shunday nazoratni o‘rnatgan.
BMT maʼlumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi aholining 80 foizi xalqaro yordamga bog‘liq. Ularning orasida 1 millionga yaqin odam faqat kunlik oziq-ovqat tarqatish orqali tirik qoladi.
Maʼlumki, Isroil 1943-yilda davlatchilikni eʼlon qilgan. Biroq Isroilni tan olishni istamaganlar hamon uning hududini Falastinning asl zamini deb biladi.
Falastinliklar, shuningdek, Iordan daryosining g‘arbiy sohilini va G‘azo sektorini, Sharqiy Quddus (Sharqiy Ierusalim)ni bir so‘z bilan Falastin deb ataydi.
Isroilga hujumga nima turtki bo‘ldi?
HAMAS vakili Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida, qurolli guruh falastinliklar o‘nlab yillar davomida duch kelayotgan vahshiyliklarga javoban harbiy operatsiya boshlaganini aytdi.
“Biz xalqaro hamjamiyatdan G‘azodagi falastinliklarga, Al-Aqso masjidi kabi muqaddas maskanlarimizga nisbatan vahshiyliklarni to‘xtatishini istaymiz. Bularning barchasi bu jangga sababdir”, — dedi u.
HAMAS shanba kungi hujum harbiy amaliyotning boshlanishi ekanini aytdi va boshqa qurolli guruhlarni safga qo‘shilishga chaqirdi. HAMAS jangarilari qo‘mondoni Muhammad Deyf falastinliklar va boshqa arablarni “bosqinchilarni qirib tashlashga” chaqirdi.
Ko‘plab ekspertlar va siyosatshunoslarning aytishicha, HAMAS hujumi Yaqin Sharqdagi eng qudratli qurol bo‘lmish Isroilni hayratda qoldirgan. Hujum havo, quruqlik va dengiz orqali amalga oshirildi.
“HAMAS Isroilda urushga tayyor emasdek taassurot qoldirdi. So‘nggi oylarda u yirik operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rayotganiga ishora qilmagan, Isroilga qarshi hujum rejalashtirayotganiga ham shama qilgani yo‘q. Buni mislsiz razvedka taktikasi deb atash mumkin”, — deya Reuters agentligi HAMAS‘ga yaqin manbaning fikrini maʼlum qildi.
Ular hatto G‘azo sektoridagi Isroilga tegishli aholi punktlarining maketini ham yasagan, aholi punktlariga qo‘nish va hujum qilish usullarini ishlab chiqqan va tayyorlagan.
“Albatta, Isroil hammasini kuzatib turardi. Ammo u HAMASni mojarodan manfaatdor emas deb o‘yladi”, — deydi Muhammad Deyf.
Isroil xavfsizlik xizmatidagi manbaning Reuters agentligiga aytishicha, G‘azo sektoridagi Isroil armiyasi qurolli kuchlarining aksariyati G‘arbiy Sohilda to‘plangan.
G‘azodagi o‘likxonalarda joy qolmadi — OAV
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasining maʼlum qilishicha, G‘azo sektorida 187 mingdan ortiq aholi o‘z uylarini tashlab ketdi. Ikki tomondan qurbonlar soni 1600 dan ortiq.
HAMAS harakati Isroilga qarshi raketa otishda davom etmoqda, Isroil kuchlari ham harakat pozitsiyalariga intensiv hujumlar uyushtirmoqda.
Kecha, 9-oktabr kuni HAMAS‘ning Isroilga hujumi oqibatida jami 900 dan ortiq isroillik, shuningdek, chet el fuqarolari halok bo‘lgan.
Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, kamida 2 616 kishi jarohat olgan.
Oxirgi 24 soat ichida G‘azo sektoridagi ommaviy ko‘chirilishlar soni 187 518 dan ortiq kishiga yetdi va bundan buyon ham ortishi kutilmoqda. G‘azoda jangovar harakatlar avj olgandan beri to‘rtta maktab va sakkizta tibbiyot muassasasi zarar ko‘rgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, G‘azo sektorida vaqtinchalik ko‘chirilganlar soni 2014 yilda 50 kunlik janglar avj olganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 687 falastinlik halok bo‘lgan, yana 3 800 nafari yaralangan. Isroil kuchlari tunda Xon Yunus shahri yaqinida to‘rtta tez yordam mashinasiga hujum qilgan. Bayt Xanun shahridagi yagona shifoxona raketa hujumi oqibatida vayron bo‘lgan.
Uch kundan buyon davom etayotgan hujumlar oqibatida G‘azodagi 7 ta shifoxona va tibbiy markaz jiddiy talafot ko‘rgan.
"Sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati uchun elektr energiya yetishmovchiligi kuchaymoqda. Bu esa bemorlar va jarohatlanganlar hayotiga xavf solmoqda", — deyiladi SSV bayonotida.
Falastin tomoni Isroil kuchlari tibbiy xodimlarga ham hujum qilayotganidan shikoyat qilgan. Oxirgi kunlarda 5 nafar tibbiy xodim o‘ldirilgan, 10 nafari jarohatlangan.
Euronews xabariga ko‘ra, G‘azodagi barcha shifoxonalar to‘lib ketgan, o‘likxonalarda ham joy qolmagan.
Vaziyat o‘ta murakkabligini maʼlum qilgan Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi xalqaro hamjamiyatdan tibbiy ko‘mak uchun xavfsiz yo‘lak ochish, shuningdek, birlamchi zaruriy dori-darmon, tibbiy buyumlar, yonilg‘i va generator bilan taʼminlashni so‘ragan.
Endi nima bo‘ladi?
Isroil — Falastin munosabatlarida muammolar juda ko‘p va har ikki tomon ham ularni birgalikda hal qilishni xohlamaydi. Quddus maqomi to‘g‘risidagi to‘qnashuvlar va diniy nizolar aslida to‘qnashuvlarni yuzaga keltirish uchun bir bahonadek ko‘rinadi go‘yo. Isroil uchun o‘z davlatining hududini arablar yashaydigan hududlar hisobiga kengaytirish muammosi juda muhim. Falastinlik arablar uchun esa tirik qolish masalasi kun tartibidagi asosiy mavzu hisoblanadi.
So‘nggi damlarda ijtimoiy tarmoqlarda yana avj olgan xunrezlik to‘g‘risida bir-biriga zid qarashlar, fikrlar, mulohazalar ilgari surilmoqda. Kimdir falastinlik musulmonlar tomonidan ekanini aytib, Isroilga yo‘llangan zarbalardan xursandligini bildirsa, yana kimdir yosh bolalarning, ayollarning garovga olinishi, o‘ldirilishi ulkan razolat ekanini aytib bong urayotir.
Albatta, har kim o‘z fikrini erkin bayon etish huquqiga ega. Arab — Isroil mojarosiga uning tarixidan yetarlicha xabardor bo‘lmasdan turib, bir tomonlama xulosa chiqarish to‘g‘ri emas, bizningcha! Har qalay, bugungi kunda yuz minglab aholi bu fojialardan aziyat chekishi, har yili yuzlab qurbonlar berilishiga loqayd qarab bo‘lmaydi. Bu mojaro borada nafaqat Falastin va Isroil, balki tashqi kuchlarning ham murosasizligi tufayli yechim topmay kelmoqda. Jabrini esa, nafaqat oddiy musulmonlar, balki yahudiylar ham tortib kelayotir.
Aslida, zulm har qanday dinda qoralanadi. Razolatning, jaholatning mazhabi, millati bo‘lmaydi. Hech bir inson faqat diniy yoki milliy mansubiyati tufayligina taʼqib etilishi, jazolanishi, o‘ldirilishi bugungi kun meʼyorlariga aslo to‘g‘ri kelmaydi.
Xoh arab bo‘lsin, xoh yahudiy — hech bir begunoh bandaning qoni to‘kilishini, tinch aholi vakillarining garovga olinishi, tahqirlanishini aslo oqlab bo‘lmaydi. Bu eski mojaro nega birdan yana avj nuqtaga yetganini esa, har kim har xil talqin etmoqda. Ammo shu bilan birga bu xati-harakatlarni kim, nima uchun boshlaganidan qatʼiy nazar, harbiy to‘qnashuvlarda falastinliklar bir necha barobar ko‘proq talafot ko‘rishi, Isroil hukumatining qasosi uzoq kuttirmasligini taxmin qilish qiyin emas. Chunki o‘tmishdagi voqealar shunday xulosa chiqarishga undamoqda.
Tongni shukronalik hisi ila qarshi olib, tinch, osuda, musaffo osmon ostida yashash, oila bag‘rida farog‘atli damlar shukuhini surish, OZODLIK, HURLIK, TINCHLIK tuyg‘ularini baralla kuylash, bolalarning alla va ertak eshitib orom olishi, aslida, ENG KATTA BAXT. Insonda mana shu bebaho neʼmat bo‘lsagina u o‘zini chin maʼnoda baxtli his etadi.