1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Fanlar akademiyasida 2030-yilgacha ilmiy ishlanmalar 3 baravar oshiriladi

Prezident Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirishga doir qaror imzoladi.

Fanlar akademiyasida 2030-yilgacha ilmiy ishlanmalar 3 baravar oshiriladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

 

Mazkur muhim hujjat bilan Fanlar akademiyasining asosiy maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Qarorga muvofiq, Fanlar akademiyasida 2030-yilga qadar belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yiladi.

 

2030-yilga qadar Fanlar akademiyasi va uning tizim tashkilotlarida: yangi ilmiy ishlanmalar soni hamda ularni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmi 3 baravarga; ilmiy xodimlar tarkibida yoshlar ulushi 60 foizgacha; nufuzli xalqaro ilmiy nashrlarda chop etilgan maqolalar soni 4 baravarga; akademiklar va professor-o‘qituvchilarning ta’lim jarayonidagi ishtiroki 5 baravarga; xalqaro hamkorlikda amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar soni 3 baravarga oshirilishi belgilandi.

 

Qarorga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan ilmiy diaspora O‘zbekiston ilm-faniga reintegratsiya qilinadi. Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalari raqobat tamoyili asosida moliyalashtirish tizimiga o‘tkaziladi hamda yoshlarning akademik fanlardagi ishtirokini kengaytirish uchun rag‘batlantirish mexanizmlari joriy etiladi.

 

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Fan va sanoat integratsiyasi kengashi tashkil etiladi. Mazkur kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

 

Shuningdek, hujjat bilan Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, 2030-yilgacha mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar hamda ilmiy xodimlar sonini bosqichma-bosqich oshirish rejasi tasdiqlandi.

 

Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining umumiy cheklangan soni 50 nafar etib belgilandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi hamda Innovatsion rivojlanish agentligining Xalqaro molekulyar allergologiya markazi Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkaziladi.

 

Bundan tashqari, Namangan, Samarqand va Termiz shaharlarida Fanlar akademiyasining hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Xalqaro ilm-fan kengashining Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi ham faoliyat boshlaydi.

 

Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh olimlarni ilm-fanga keng jalb etish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yo‘nalishlarni barqaror moliyalashtirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamg‘armasi tashkil etiladi. Ushbu jamg‘armaga davlat byudjetidan har yili 80 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика