Farg‘ona viloyatida 3 nafar maktab o‘quvchilarini 27 ming volt kuchlanishli tok urdi. Bu haqida “Zamon” informatsion dasturida maʼlum qilindi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 17 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati Buvayda tumaniga qarashli 1-sonli maktabning ikki nafar 10-sinf va bir nafar 8-sinf o‘quvchilari Uchko‘prik tumanida joylashgan Qaqir temir yo‘l bekati hududiga kelishgan.
Ular o‘zboshimchalik bilan temiryo‘l izlarini belgilanmagan joyidan kesib o‘tib, taqiqlangan temiryo‘l hududiga kirishgan hamda bekatning 5-yo‘lida turgan bug‘doy tashuvchi vagonning ustiga chiqib selfi tushishmoqchi bo‘lishganida o‘zlarining ehtiyotsizligi oqibatida voyaga yetmagan ikki nafar maktab o‘quvchisini yuqori kuchlanishli elektr toki urgan.
Turli darajada tan jarohati olgan yoshlar tez tibbiy yordam shifoxonasiga yotqizilgan. Ikki nafar bemorga ham malakali yordam ko‘rsatilib, birinchi bemor bolalar reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazildi. Unga elektr tokidan tananing 65 foiz termik kuyishi tashxisi qo‘yilgan.
Ikkinchi bemorda tananing termik elektr tokidan kuyishi va o‘ng son suyagi sinishi tashxisi bilan unga ham tibbiy yordam ko‘rsatilgan.


