Raqobat qo‘mitasi Farg‘ona viloyatida aholiga yozilgan 4 mlrd so‘mdan oshiq qarzni bekor qildi.
Qo‘mitaning Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasiga tushgan murojaatlar asosida Farg‘ona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasi bilan hamkorlikda maishiy isteʼmolchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hamda ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlarda isitish mavsumi davomida ko‘p qavatli uylarga issiqlik taʼminotini yetkazib beruvchi markaziy tarmoqlarning isitish qozonxonalarida avariya holatlari (taʼminot uzilishi) sodir bo‘lgan vaqtlarda hamda tabiiy gaz bosimi pastligi va boshqa asosli sabablarga ko‘ra, aholi xonadonlariga yetarli darajada issiqlik taʼminoti yetkazib berilmaganligi, shuningdek, taʼminotchi korxona bilan tuzilgan shartnomalarning tegishli bandlariga asosan qayta hisob-kitoblar amalga oshirilganda 6146 nafar isteʼmolchining xonadonlariga 4 mlrd 173 mln so‘mdan ortiq noreal debitor qarzdorliklar hisoblanganligi aniqlangan.
“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Yuqoridagilarga ko‘ra, ishni ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan mazkur holat yuzasidan viloyat “Icsiqlik manbai” ishlab chiqarish davlat boshqarmasiga isteʼmolchilarga hisoblangan 4 mlrd 173 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlikni bekor qilish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.


