"FIA General assembliyes Weyek" tadbirlari doirasida Milliy Olimpia qo‘mitasi mutasaddilari hamrohligida Xalqaro avtomobil federatsiyasi (FIA) Prezidenti Muhammad Ben Sulayem O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda jamlangan boy tarixiy-madaniy meros bilan batafsil tanishdi. Ular avvalo Islomdan avvalgi davr, Birinchi renessans, Ikkinchi renessans, “Yangi O‘zbekiston — yangi renessans poydevori” bo‘limlari hamda Qurʼon zali bo‘ylab sayohat qilib, har bir bo‘limning mazmuni, undagi nodir artefaktlar va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlangan ekspozitsiyalarni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi.
Mehmonlar Islomdan avvalgi davrga oid asl nusxadagi artefaktlar saqlanayotgani, Markaz fondida ko‘plab noyob tarixiy manbalar mavjudligi va ularning ilmiy asosda namoyish etilayotganini yuqori baholadi. Har bir bo‘limning alohida konsepsiya asosida tashkil etilgani, ekspozitsiyalarning izchil va mantiqiy ketma-ketlikda joylashtirilgani ham kuchli taassurot qoldirdi.
FIA prezidenti Muhammad Ben Sulaym o‘z taassurotlarini quyidagicha ifoda etdi:
“O‘zbekiston hukumati va shaxsan Prezidentga bu Markazni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish imkonini bergani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Bu yerda ilgari bilmagan ko‘plab maʼlumotlarni ko‘rdim. Menimcha, bu O‘zbekistonning yashirin xazinasi.
Bu yurt dunyoga yoygan ilmiy meros haqida ko‘pchilik hali ham yetarlicha xabardor emas.
Qurʼonga bag‘ishlangan zalda asl qo‘lyozmalarni ko‘rganim, yo‘qolib ketgan yoki turli yo‘llar bilan boshqa mamlakatlarga o‘tib ketgan nodir manbalarni qayta jamlash bo‘yicha Prezidentning shaxsiy tashabbusi haqida eshitganim bu meni chuqur hayajonga soldi.
Bu maskan dunyo miqyosida yana-da keng targ‘ib qilinishi kerak. Xorazmiy, Imom Buxoriy, Ibn Sino kabi buyuk shaxslarning nomini hech kim inkor eta olmaydi. Ularning ilmiy merosini global miqyosda namoyish etish bizning ham burchimiz.
O‘zbekistonning islomdan avvalgi davrdan tortib bugungi kungacha bo‘lgan bosqichma-bosqich taraqqiyoti, bu yerning islom madaniyatiga qo‘shgan ulkan hissasi bularning barchasi meni hayratga soldi. Eng muhimi, bu maskan odamni asl haqiqatga qaytaradi: tarixdan saboq olib, dadil oldinga yurish kerak degan g‘oyani beradi”.
Uning fikricha, Beruniy, Xorazmiy, Forobiy, Termiziy, Buxoriy, Ibn Sino kabi ulug‘ zotlar jahon ilmiy taraqqiyotining poydevoriga aylangan ilmiy yutuqlarni yaratgan bo‘lsada, bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ular haqida yetarli bilim mavjud emas. Shu bois u Markaz faoliyatini tarixiy merosni global miqyosda targ‘ib qilish yo‘lidagi nihoyatda muhim tashabbus sifatida baholadi.
Shuningdek, Bolalar maydonidagi sunʼiy intellekt asosida yaratilgan interaktiv kontent mehmonning alohida eʼtiborini tortdi. Uning fikricha, vizual, video va AI texnologiyalar bilan boyitilgan taqdimotlar yosh avlodga kuchli taʼsir ko‘rsatadi va tarixni yana-da oson anglashga yordam beradi.
Tashrifning yakuniy nuqtasi Qurʼon zali bo‘ldi. Mehmon VII asrda yozilgan Usmon Musʼhafining asl nusxasi bilan yaqindan tanishib, dunyoning atigi besh nuqtasida saqlanadigan bu beqiyos qo‘lyozmaning O‘zbekistonda mavjudligi uni hayratga soldi.
U yakunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etib, Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etish tashabbusini “g‘oyat ulkan va bebaho ish” deya baholadi.


