Rasmiylarga ko‘ra, Filippin poytaxti Manila yaqinidagi uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida sakkiz kishi, jumladan, olti bola halok bo‘lgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 05:00 da boshlangan yong‘in oqibatida 80 ta uy yonib ketgan. Fojia Keson-Sitidagi Filippin universitetining katta kampusi ichidagi aholi zich joylashgan qishloqdagi turar-joy binosining ikkinchi qavatida boshlangan. Yong‘inga nima sabab bo‘lgani nomaʼlum.
O‘t o‘chiruvchi Greg Bichaydaning AFPga aytishicha, yong‘inni o‘chirishga ikki soatdan ko‘proq vaqt ketgan.
«Yong‘in juda tez tarqaldiki, jabrlanganlar uylarini tark etishga ulgurmagan», — dedi u.
Shuningdek, u halok bo‘lganlarning 6 nafari bolalar ekanini, biroq ularning aniq yoshi haqida maʼlumot berilmaganini aytdi.
«Bu yerdagi uylar yengil materiallardan qurilgan. Yong‘in boshlanganda odamlar nima qilishni bilmay sarosimaga tushdi. Stansiyamiz yaqin bo‘lsa-da, biz bilan bog‘lana olishmadi», — dedi Bichayda.
Eslatib o‘tamiz, Filippin dunyodagi aholi eng zich joylashgan mamlakatlardan biri hisoblanadi.


