
Unda aytilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan D.E unashtirilgan bo‘lgan. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining qarindoshlari bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab fotihasi buziladi. Qiz 14 avgust kuni Tuproqqalʼa tumani Pitnak shahar hududidan oqib o‘tayotgan kanalga o‘zini tashlab, joniga qasd qiladi. Videolavhada D.Ening onasi qizining cho‘kkaniga 10 kun bo‘lganiga qaramay jasadi hali ham topilmaganini aytadi. Ayollning bildirishicha ayni paytda qidiruv jarayonlari to‘xtatilgan. Mahalliy davlat idoralari tomonidan ham biron ko‘mak ko‘rsatilmayapti.
Mazkur xabar yuzasidan Zamon.uz muxbiri Xorazm viloyati FVB matbuot xizmati rahbari Shodlik Hasanov bilan bog‘landi. Mutaxassisining bergan maʼlumotiga ko‘ra qidiruv jarayonlari to‘xtamagan.
“Butun tuman oyoqqa turgan. Fuqaroning suvga cho‘kkanligi haqidagi xabar kelib tushgan vaqtdan boshlab qidiruv jarayonlari ketmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligining Xorazm viloyati boshqarmasi qidiruv-qutqaruv guruhi tomonidan “Toshsoqa” chap qirg‘oq kanalida suvda qidiruv ishlari olib borilmoqda. Kanal oqimi bo‘ylab, Tuproqqalʼa, Xazorasp, Bog‘ot, Xonqa tumanlari, Urganch shahar va tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limlaridan masʼul xodimlar qidiruv ishlariga safarbar etilgan”
Shodlik Hasanovning tahririyatimizga maʼlum qilishicha, qidiruv-qutqaruv jarayoniga barcha aloqador xizmatlar jalb qilingan. Mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmoqda. Oila aʼzolari bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazilgan.
Avvalroq, 1995 yilda tug‘ilgan R.Rning Namangan viloyati “Norin” daryosida cho‘kib ketgani haqida xabar bergan edik.
Munojat Valiyeva


