Fransiya hukumati davlat xizmatchilariga tegishli ishlar uchun AQShga tegishli videomuloqot platformalaridan — Google Meet, Zoom va Microsoft Teams’dan foydalanishni taqiqlashga qaror qildi. Bu haqda Politico nashri ma’lum qildi.
Qaror Yevropada davlat tuzilmalarining AQSh texnologiyalariga haddan tashqari bog‘lanib qolayotgani borasidagi xavotirlar kuchayib borayotgan bir paytda qabul qilindi.
Bosh vazir devoni tayyorlagan rasmiy ko‘rsatmaga ko‘ra, endilikda barcha davlat xizmatchilari Fransiyaning o‘zida ishlab chiqilgan Visio videokonferensiya tizimidan foydalanishi shart bo‘ladi. Ushbu platforma Hukumatning Idoralararo raqamli boshqarmasi (Dinum) tomonidan yaratilgan bo‘lib, Fransiyaning Outscale kompaniyasi infratuzilmasida ishlaydi. Hujjat yaqin kunlarda rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.
Davlat islohoti vaziri David Amiel yakshanba kuni Fransiya 2027 yilgacha to‘liq milliy videomuloqot platformasiga o‘tishni maqsad qilganini bildirgan edi. Avvalroq, 2025 yil yozida ham hukumat WhatsApp va Telegram’dan foydalanishni cheklab, davlat xizmatchilarini faqat Tchap nomli maxsus messenjerga o‘tkazgan edi.
Ayni paytda Visio tizimidan 40 mingga yaqin xodim, jumladan aksariyat vazirliklar va Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi foydalanmoqda. Dinum foydalanuvchilar sonini 250 ming nafarga yetkazishni rejalashtirgan. Shuningdek, idora o‘tish jarayoniga rioya etilishini nazorat qiladi va kelgusida davlat internet tarmog‘i orqali boshqa xorijiy videoplatformalarga kirishni texnik jihatdan cheklashi mumkin.


