Fransiya shimolidagi Gravlin atom elektr stansiyasi faoliyati sovitish tizimlarida meduzalar to‘planib qolgani sababli to‘xtab qoldi. Bu haqida Reuters agentligi xabar berdi.
“Nasos stansiyalarining filtrlovchi barabanlari ko‘p miqdorda meduzalar bilan to‘lgani sababli uchta reaktor avtomatik ravishda to‘xtab qolgan. Bir necha soatdan so‘ng yana bir reaktor o‘chirilgan. Filtrlovchi nasoslarga zarar yetmagan - ularni shunchaki tozalash kerak, shundan so‘ng stansiya o‘z ishini davom ettira oladi”, deya yozmoqda Reuters.
AESni boshqaruvchi kompaniyaning taʼkidlashicha, hodisa obyekt, xodimlar va atrof-muhit uchun xavf tug‘dirmagan.
Taxminlarga ko‘ra, hodisaning asl sababi iqlim inqirozi bo‘lishi mumkin. Stansiyani sovitish uchun suv Shimoliy dengizdan keladi. Suv harorati ko‘tarilishi tufayli so‘nggi yillarda AES atrofidagi plyajlarda meduzalar soni ko‘payishi kuzatilmoqda.


