Energetika vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga "Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Unda qayd etilishicha, elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanishni nazorat qilish, shuningdek, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-taroj qilish, ulardan oqilona foydalanishga nisbatan beparvo munosabatda bo‘lishni oldini olish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga qaratilgan “Energonazorat” platformasi ishlab chiqilayotganligi bildirilgan.
Shuningdek, 2023-yil 1-sentyabrdan boshlab:
-
jismoniy shaxslarning videokuzatuv va tasvirga olish texnika vositalari hamda mobil qurilmalari orqali qayd etilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi;
-
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha bo‘lgan miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;
-
huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Keltirilishicha, sodir etilgan huquqbuzarliklar yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarlik hujjatlarini (bayonnoma va qarorlarni) elektron shaklda tuzish orqali ushbu huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar Ichki ishlar vazirligining "E-ma‘muriy ish" tizimiga kiritiladi.


