"Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan insonparvarlik ko‘magi sifatida ajratilgan gepatit S ga qarshi “Sofosbuvir-400mg” dori vositasining 2024 yildagi uchinchi partiyasini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi.
Jami 6720 donadan iborat mazkur preparatlar O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan bemorlarga taqsimlanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Misr tomoni mamlakatimizga umumiy qiymati 696 ming AQSH dollarilik “Daklatasvir”, “Sofosbuvir” hamda “Entekavir” dori vositalarini taqdim etgan edi. Bu ezgu anʼnana 2025 yilga qadar davom etishi belgilangan.


