Mamadali Topiboldiyev – “Kazbek”, “osiyo Arsloni” nomlari bilan mashhur bo‘lgan partizan. Uning boshi uchun Gitlerning shaxsan o‘zi 50 ming reyxsmarka vaʼda qilgan. Ushbu qahramon haqida “O‘zbekfilm” va Belarusfilm” birgalikda kino suratga olishga kirishdi. Xo‘sh, Mamadali Topiboldiyev o‘zi kim?
Qahramon Farg‘ona viloyati Rishton tumanida voyaga yetgan. Topiboldiyev 1939 yilda harbiy xizmatga jalb qilingan. Urushning dastlabki davrida uning harbiy qismi dushman tomonidan tor-mor etiladi. Qismning qolgan jangchilari Belarusda qolishga va shu yerda kurash olib borishga qaror qilishadi. 1941 yilda u kichik partizan ortyadiga qo‘shiladi. Ushbu tuzilma Mogilyov va Vitebsk viloyatlarida harakat qiladi.
Topiboldiyev yuzlab harbiy amaliyotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Uning ko‘magida ko‘plab o‘ta qimmatli maʼlumotlar qo‘lga kiritiladi. U fashistlarning 19 ta poyezd eshelonini yo‘q qilishda ishtirok etadi. Ularning 5 tasini shaxsan o‘zi portlatib yuborgan. Topiboldiyev dushmanga juda katta moddiy zarar yetkazadi va shaxsan Gitlerning dahshatga tushishiga sabab bo‘ladi.
O‘zbek partizani qo‘l jangida 77 fashistni yo‘q qiladi, bir nafar nemis generali va ko‘plab ofitserlarni asirga oladi. Kruglyansk tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi direktori Viia Gapayevaning so‘zlariga ko‘ra, Topiboldiyev Taluchin qishlog‘i yaqinida bir vaqtning o‘zida 27 nemis askarlarini qo‘lga olgan.
“Belarusdagi partizanlik harakati o‘zining ko‘p millatli ekani bilan ajralib turadi. Mamadali Topiboldiyev esa O‘zbekiston vakili sifatida nom qozongan. U partizanlar orasida o‘zbek millatiga mansub yagona “Sovet ittifoqi qahramoni” unvoniga sazovor bo‘lgan”, — deydi Belarus davlat muzeyining yetakchi ilmiy xodimi Mariya Gorelikova.
Janglardan birida yaralangan Topiboldiyevni belaruslik Anna Vasilyevna ismli ayol o‘z uyiga yashiradi va uni davolaydi. Keyinchalik “Kazbek” bu ayolni o‘zining “ikkinchi onasi” deb ataydi. Topiboldiyevning qizi Mavluda Topiboldiyevaning so‘zlariga ko‘ra, Anna Vasilyevna urushdan so‘ng O‘zbekistonga tez-tez tashrif buyuradi. Topiboldiyev keyinchalik unga g‘ishtli uy qurib beradi. Bu yerda Hozirga qadar Anna Vasilyevnaning avlodlari yashaydi.
Topiboldiyev urushdan so‘ng Rishton tumaniga qaytib keladi va bu yerdagi kolxozlardan biriga rais bo‘ladi. Topiboldiyevlar oilasining yaqin do‘stlaridan biri bo‘lgan Sergey Soxadsening so‘zlariga ko‘ra, u juda kamtar va ziyoli inson bo‘lgan. “Osiyo arsloni” Soxadzening ota-onasi bilan yaqin do‘st bo‘lgan.
Uning harbiy hayoti filmlar uchun tayyor ssenariy bo‘lib xizmat qilishi aniq.
P.S.: Filmda “Kazbek”, “Osiyo Arsloni” rolini mahoratli aktyor Ulug‘bek Qodirov gavdalantirmoqda.


