1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Grippga qarshi vaksinalar qanchalik samarali?

Mutaxassis bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

Grippga qarshi vaksinalar qanchalik samarali?

 

Gripp — “oyoqda o‘tkaziladigan” kasallik emas. Uni oddiy shamollash deb o‘ylab, o‘zboshimchalik bilan davolanish ham noto‘g‘ri. Chunki bu xastalikning o‘zidan ko‘ra asoratlari ko‘proq xavfli.

 

Negaki, gripp virusi qon tomirlari devorlarining kasalliklarga nisbatan himoya qobiliyatini susaytirib yuboradi. Shu sababli infeksiyalar qon oqimi orqali ichki organlarga yetib borib, yallig‘lanish o‘choqlarini hosil qiladi.

 

Oqibatda u pnevmoniya, bronxit, yuqori nafas yo‘llarining ikkilamchi bakterial infeksiyalari, asab va yurak-qon tomir tizimi kasalliklari hamda qandli diabet kabi xastaliklarni keltirib chiqaradi. Eng yomoni, ushbu darddan o‘z vaqtida davolanmaslik o‘lim holatlariga ham sabab bo‘lishi mumkin.

 

Bu borada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tahliliy hisoboti bor. Unga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yiliga 650 ming nafarga yaqin inson mavsumiy grippdan vafot etadi. Qolaversa, ushbu virus turli surunkali kasalliklarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratishi bilan xavfli.

 

Mana, hozir barcha yoshdagi insonlar, ayniqsa bolalar va o‘smirlar orasida gripp virusi ko‘p uchraydigan mavsum. Ko‘tarilish davri odatda noyabr oyidan boshlanib, mart oyigacha davom etadi.

 

Mutaxassislar bunday paytda xastalikdan ishonchli himoyalanish uchun unga qarshi emlanishni tavsiya etadi. Bu — eng samarali va katta sarf-xarajat talab etmaydigan usul.

 

Qolaversa, vaksina xavfsiz va yuqori taʼsirga ega bo‘lib, yillik kasallanish va o‘lim holatlarini yetarlicha kamaytiradi. Yaʼni zamonaviy grippga qarshi emlash vositalarining samaradorligi 90 foizni tashkil etadi.

 

Mavsumiy grippga qarshi vaksina organizmda 15 kun ichida grippga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Taʼsir kuchi 1 yilga yetadi.

 

Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga ko‘ra vaksinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Yaʼni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi kabi kasalliklardan tamoman sog‘lom bo‘lishi kerak.

 

Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik taʼsirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

 

JSST ushbu virusga qarshi, birinchi navbatda, homilador ayollar, 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar, keksa yoshli insonlar (65 yoshdan katta), surunkali kasalliklari bor bemorlar va tibbiyot xodimlarini emlashni tavsiya etadi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика