Yo‘lovchilar ekipaj ko‘rsatmalariga amal qilgan holda yonayotgan samolyotning avariya chiqish eshiklariga qo‘l yukisiz shoshilishgan. Aviatsiya mutaxassislari fikricha, aynan shu qoidaga amal qilinishi Tokiodagi Haneda aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida yonib ketgan Airbus A350 samolyoti bortidagi barcha 379 kishini muvaffaqiyatli evakuatsiya qilish imkonini bergan asosiy omil bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, Japan Airlines aviakompaniyasining 516-reysi qo‘nish chog‘ida qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining kichik samolyoti bilan to‘qnashgan, oqibatda yong‘in chiqqan. Kichik samolyot bortidagi olti kishidan besh nafari halok bo‘lgan.