
Oktyabr-noyabr oylarida 55 million dona, kelgusi yil bahor mavsumida avtomobil yo‘llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 70 million dona tut, pavlovniya, mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlarni ekish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent shahri tumanlari, viloyat markazlari va yirik shaharlarda daraxtlar va ekinlar mahalliy iqlimni inobatga olmasdan, pala-partish ekilayotgani bois kundan-kunga qurib borayotgani, tuman hokimlari obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani, shahar ko‘chalari chiqindiga to‘lib ketgani bilan hech kimning ishi yo‘qligini qattiq tanqid qildi.
Har bir mahallaga daraxtlarni parvarishlash uchun Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 1 nafardan ishchi biriktirilishi belgilandi.
Tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlariga ajratilayotgan 10 mingta shtat doirasida har bir tuman (shahar) hududidan kelib chiqib 5 ta ishchidan iborat daraxtlarni saqlash bo‘yicha guruhlar tashkil etiladi.
Bundan avval, Ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda davlatimiz rahbari sohadagi muammolarni ko‘rsatib o‘tganligi haqida xabar berilgandi.


