13-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining mamlakat harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Xavfsizlik kengashi, Vazirlar Mahkamasi a’zolari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlari, harbiy okruglar qo‘mondonlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda milliy armiyani zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ruhiy tayyorgarligini oshirish, mudofaa sanoati salohiyatini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Qo‘shinlarda yangi taktik usullar joriy etilib, mashg‘ulotlar soni va shiddati 1,5 barobarga oshirildi, dron bo‘linmalari va mutaxassislar tayyorlash markazlari tashkil etildi.
Armiyani raqamlashtirish natijasida boshqaruv, axborot xavfsizligi va xizmatlar samaradorligi oshdi. Harbiy ta’lim tizimi tubdan yangilanib, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi, ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt va ilg‘or raqamli texnologiyalar joriy qilindi.
Yig‘ilishda global va mintaqaviy vaziyat murakkablashib borayotgani, zamonaviy urushlar texnologik ustunlik, sun’iy intellekt, kiber va robot texnologiyalar asosida olib borilayotgani ta’kidlandi. Shu bois barcha soha va tarmoqlar “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi zarurligi qayd etildi.
Prezident kelgusi davr uchun asosiy vazifalarni belgilab berdi. Xususan, harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, muddatli harbiy xizmatni yoshlar uchun kasbiy va ijtimoiy rivojlanish bosqichiga aylantirish rejalashtirilmoqda. Endilikda askarlar 3–6 oylik kasb-hunar dasturlari asosida kamida bitta mutaxassislikni egallaydi va sertifikat oladi.
Har yili 5 ming askar “Bir million dasturchi” va “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida tayyorlanadi. Muddatli xizmat davrida oliy ta’limga kirish imtihonlarini topshirish, xizmatdan so‘ng o‘qish, ishga joylashish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun keng imtiyozlar joriy etiladi.
Muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, harbiy texnoparklar tashkil etish ustuvor vazifa etib belgilandi. Harbiy xizmatchilarning ma’naviy salohiyatini oshirish maqsadida barcha harbiy qismlar 1 million nusxada badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi, kitobxonlik va sport musobaqalari kengaytiriladi.
Shuningdek, qo‘shinlarni robotlashtirilgan majmualar, uchuvchisiz tizimlar va zamonaviy qurol-aslahalar bilan jihozlash, mudofaa sanoatida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish zarurligi qayd etildi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim qarorlar e’lon qilindi. 1-apreldan boshlab ofitserlarga ko‘p yillik xizmat uchun ustamalar ikki barobar oshiriladi, kontrakt asosida xizmat qilayotgan askar va serjantlarning maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Pensiya va uy-joy ta’minoti bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etiladi.
Davlat rahbari zamonaviy tahdidlarni inobatga olib, Mudofaa doktrinasi va Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Yangi doktrina harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, ko‘p tomonlama diplomatiya va yuqori texnologiyalarga asoslangan milliy mudofaa strategiyasini mustahkamlashi lozim.
Yig‘ilish yakunida Prezident Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibini Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 34 yilligi bilan tabrikladi.


