Hindiston va Pokistonda kuchli Bipradja sikloni oldidan 100 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi, deya xabar berdi BBC News.
Bipardja bengal tilida “falokat” degan maʼnoni anglatadi. Sinoptiklarning bashorat qilishicha, Bipradja payshanba kuni kechqurun Arab dengizini kesib o‘tib, Hindistonning Gujarat shtatiga yetib boradi. Dovul mahalliy aholining uylari va dalalarini vayron qilishi mumkin.
Ayni paytda Pokistonda bo‘ron Sind provinsiyasi qirg‘oqlariga yetib keldi. Rasmiylar janubi-sharqiy sohildan 62 ming kishini evakuatsiya qildi va 75 Ta lager qurdi.
Pokistonning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha vaziri Sherri Rehmanning aytishicha, provinsiyaning 20 million aholisi bo‘lgan eng yirik shahri Karachi xavf ostida, biroq shoshilinch choralar ko‘rilyapti.
Meteorologlarning maʼlumotlariga ko‘ra, bu kuchli bo‘ronning tezligi soatiga 135 kilometrgacha, shamol esa 150 kilometrgacha yetadi. Ular, shuningdek, suv toshqini ko‘tarilishi natijasida qirg‘oqbo‘yi hududlari suv ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Rasmiylarning aytishicha, Gujarat tumanida poyezdlar qatnovi to‘xtatilgan, Hindistonning ikkita eng yirik portlari Kandla va Mundrada ham ishlar to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Tauktae» sikloni bu hududga 2021 yil mayda kelgan so‘nggi kuchli siklon edi. O‘shanda 174 kishi halok bo‘lgan.


