
Qashqadaryo viloyatining Hisor davlat qo‘riqxonasida reyd o‘tkazildi. Unda tog‘dan tushib kelayotgan uch nafar nomaʼlum erkak qo‘riqxona xodimlarida shubha uyg‘otadi. Muloqot jarayonida aniqlanishicha, ularning ikkitasida ov quroli bo‘lgan. Ular egaligidagi eshaklarga ortilgan yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda esa qoplar ichida bir juft shoh, bir dona tog‘ echkisining kallasi hamda bo‘laklarga bo‘lingan go‘shtlar borligi aniqlangan. Holat bo‘yicha shu yerning o‘zida hujjatlar rasmiylashtirilib, ov qurollari ashyoviy dalillar sifatida olib qo‘yilgan.

1983 yilda tashkil etilgan mazkur qo‘riqxonada 17 turdagi hayvonlar, 910 turdagi o‘simlikdan 30 ta turi O‘zbekiston “Qizil Kitob”iga kiritilgan. Hudud maxsus muhofaza zonasi bo‘lgani bois, u yerda ov qilish, chorva o‘tlatish hayvonot va o‘simlik dunyosiga katta zarar yetkazadi. Biroq ayni damdagi ahvol butunlay boshqacha, hududda minglab chorva boqilmoqda. Hatto fuqarolar tomonidan brokenyerlik holatlari ham uchramoqda.

Qashqadaryo viloyati atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Sherzod Salomovning aytishicha, Hisor davlat qo‘riqxonasida davlat ekologik nazorat reydlari birinchi marta o‘tkazilayotgani yo‘q. Aynan qizil suv bo‘limida o‘rganish ishlari 2017 yilda boshlangan. 2021 yilga qadar bo‘lgan muddatda Hisor davlat qo‘riqxonasining Qizil suv bo‘limida fuqarolar tomonidan bir necha minglab chorva mollarini hech qanday qarshiliksiz davlat qo‘riqxonasiga joylashtirishi oqibatida O‘zbekiston Respublikasining davlat mulki hisoblangan tabiat boyligi, noyob turdagi o‘simliklar va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar keltirmoqda.
Qo‘riqxona muhofazaga olingan hudud. Bu yerda hayvonot va nabotot olamining yo‘q bo‘lib ketishining oldi olinadi. Qo‘riqxonada uchraydigan qor qoploni oziqlanadagan bir bosh tog‘ echkisining otib o‘ldirilishi, shu yerda yashaydigan yirtqich hayvonlarning oziqa zanjiriga o‘z taʼsirini ko‘rsatadi. Chorva mollarini boqilishi esa tabiiy o‘simlik dunyosini payhon qiladi. Yo‘q bo‘lib ketishicha sabab bo‘ladi. Natijada, yovvoyi hayvonlarning oziqa manbai kamayadi. Bu esa o‘z-o‘zidan hayvonlarni yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.
Qo‘shimcha olingan maʼlumotlarga ko‘ra, har kuni qosh qoraygan paytda qo‘riqxona hududida chorvasini boqib yurgan cho‘ponlar bir yerga to‘planar ekan. Ularning o‘zlarini tutishlaridan ancha vaqtdan buyon shu yerda ekanligini anglash qiyin bo‘lmaydi. Sal narida esa toshlardan qurilgan o‘choq o‘t yoqilishga tayyorligini ko‘rib, maxsus muhofaza hududida o‘t yoqish yoki chorvaning bunday erkin yurishining kutilmagan oqibatlarini esa tasavvur qilishning o‘zi kishini xavotirga soladi. Demak, masalaga bitta tashkilotning nazorati kamlik qiladi. Har kim o‘ziga yuklatilgan vazifani masʼuliyat bilan bajarsa tabiat va inson orasidagi muvozanatni asrab qolishga hissa qo‘shgan bo‘lardi.
Bahriniso Madumarova


