1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

Senatorlar tegishli qonun loyihasini maʼqulladi.

Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

Senatning qirq birinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan «Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

 

Senatorlar tomonidan muhokama qilingan ushbu qonun bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

 

Xususan, Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 7 ta moddada nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar tegishliligi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, ushbu ishlarni ko‘rib chiqishga hamda jarima tariqasidagi maʼmuriy jazo qo‘llashga haqli bo‘lgan mansabdor shaxslar, shuningdek, Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari nomidan maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzishga haqli bo‘lgan ushbu organlar tuzilmalarining mansabdor shaxslari belgilanyapti.

 

Bundan tashqari, Ichki ishlar va milliy gvardiya organlari mansabdor shaxslariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi baʼzi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni maʼmuriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati ham beriladi.

 

«Ekologiya, atrof muhitga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Biroq javobgarlikni so‘zsiz taʼminlash uchun aniq mexanizmlarni ham belgilab berish zarur. Zero, aybdor shaxslarga nisbatan o‘z vaqtida javobgarlik choralarini qatʼiy qo‘llanilmasligi ularda qonun talablariga bepisandlikni va qonunchilikda belgilangan ‘javobgarlikning muqarrarligi‘ prinsipi buzilishini ham keltirib chiqaradi. Qonun bilan aynan shu muammolar hal etilmoqda», - deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

 

Senatorlar mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikning so‘zsiz ijro etilishini, shuningdek, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning profilaktikasini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlagan.

 

Muhokamalar yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика