Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2024 yilgi Maslahatlashuvlar doirasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muhokamalar yakunlari bo‘yicha XVJ missiyasi rasmiy bayonot eʼlon qildi. Iqtisodchi Otabek Bakirov undan muhim iqtiboslarni keltirmoqda.
"Mashina va uskunalar importining tez surʼatda o‘sishi (ularning bir qismi vaqtinchalik xarakterga ega), pul o‘tkazmalari hajmining 2022 yilga nisbatan qisqarishi, tashqi qarzlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining oshishi va chet el ulushi bor korxonalar daromadlarining repatriatsiya qilinishi kabi omillar taʼsirlarining oltin eksportiga nisbatan yuqori bo‘lishi to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining YAIMga nisbatan 2020 yildagi 3,5 foizdan 2023 yilda 8,6 foizgacha oshishiga sabab bo‘ldi".
"Tashqi sharoitlardagi yuqori noaniqliklar xatarlarning oshishiga olib keladi. Tashqi xatarlarga Rossiyaning Ukrainada olib borayotgan urushi avj olishining geoiqtisodiy oqibatlari, tovarlar narxlarining o‘zgaruvchanligi va jahon iqtisodiyoti o‘sish surʼatlarining keskin pasayishi kabilar kiradi. Ichki xatarlarga fiskal konsolidatsiyaning rejalashtirilganidan ko‘ra sekinroq bo‘lishi, banklar balanslarining zaiflashishi, davlat banklari, davlat korxonalari va davlat-xususiy sheriklik (DXSH) bitimlari bo‘yicha shartli majburiyatlarning yuzaga kelishi kabilar kiradi".
"Missiya davlat-xususiy sheriklik bitimlari bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish maqsadida davom etayotgan inventarizatsiya natijalarini hisobga olgan holda davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq DXSH loyihalari bo‘yicha kafolatlarning yuqori chegarasini belgilashni tavsiya qiladi".
"Valyuta kursining moslashuvchanligi yana-da oshirilishi shoklar taʼsirini kamaytirishga va zaxiralarni barqaror saqlashga yordam beradi".
"Aktivlar sifati va xatarlarning mustaqil ravishda baholanishi hamda aktivlarni tasniflash standartlari takomillashtirishi, direktiv va imtiyozli kreditlash hajmlarining bosqichma-bosqich kamaytirilishi, shuningdek, valyuta tushumiga ega bo‘lmagan korxonalar uchun chet el valyutasida moliyalashtirish cheklanishi kerak".
"Davlatga tegishli banklar tijorat asosida ishlaydigan samarali tizimlarga va boshqaruv tuzilmalariga ega bo‘lishi kerak. Barcha notijorat faoliyat turlarini byudjetga o‘tkazish zarur yoki byudjetdan tegishli xarajatlarni qoplashning shaffof usulini yaratish kerak".


