Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Ramazon oyida sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha eʼlon qilingan tavsiyalardan iftorlik dasturxoniga doir maslahatlar ham o‘rin olgan. [https://t.me/ssvuz/12568] Xususan, iftorlik chog‘ida sog‘lom va meʼyorida ovqatlanib, quvvatni to‘ldirib olish muhim. Ro‘zani uchta xurmo yoki suv bilan ochish iftorlikni boshlashning anʼanaviy va sog‘lom yo‘lidir. Xurmo odam tanasidagi ko‘plab aʼzolarning to‘g‘ri faoliyat ko‘rsatishini taʼminlaydigan kletchatkaga boy ozuqa. AQSHdagi Cornell University mutaxassislarining yozishicha, ovqatlanishdan oldin suv ichish tanani suyuqlik bilan oziqlantirishning eng yaxshi yo‘lidir. Lekin ro‘zani ochiboq birdaniga ko‘p suv ichib yubormaslik lozim. Bu salomatlik uchun xavfli hisoblangan suv intoksikatsiyasiga olib kelishi mumkin. Organizmni muhim vitaminlar va ozuqa moddalari bilan taʼminlash uchun iftorlik taomnomasiga ko‘plab sabzavotlarni qo‘shgan afzal. Shuningdek, organizmni quvvat va kletchatka bilan taʼminlaydigan donli (yanchilmagan va tozalanmagan) mahsulotlarni isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Pechda yoki grilda pishirilgan yog‘siz go‘sht, terisiz tovuq va baliq tanovul qilish orqali organizmingizni sog‘lom oqsillar bilan boyitishingiz mumkin. Umuman olganda, yog‘ va shakarga boy, qovurilgan hamda qayta ishlangan mahsulotlardan tiyilish kerak. Iftorlikdan so‘ng ko‘p shirinlik yeyish tavsiya etilmaydi. Buning o‘rniga, suvga boy mavsumiy mevalar, jumladan, olma isteʼmol qilish foydali. Iftorlik uchun JSST tavsiyalari: —uyda pishirilgan sabzavotli sho‘rva; —sabzavot va ko‘katlardan tayyorlangan salat; —qiyma qo‘shilgan sabzavotli taomlar (qovoq, baqlajon, tok bargiga o‘ralgan do‘lma); —pechda pishirilgan tovuq. Ko‘p miqdorda suv ichish, taʼmni yaxshilash uchun taomga limon bo‘laklari va yalpiz qo‘shish mumkin.