Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammiti boshlandi.
Sammitda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Eron Prezidenti Ibrohim Raisi, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyib Erdog‘an, Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov, Pokiston muvaqqat hukumati rahbari Anvar ul-Haq Kakar va IHT Bosh kotibi Xusrav Noziri ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya va gumanitar hamkorlikni yana-da mustahkamlash, shuningdek, IHT faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, IHT 1985 yilda Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari tashabbusi bilan tashkil etilgan davlatlararo mintaqaviy tashkilotdir. U Eron, Pokiston va Turkiya o‘rtasida imzolangan Izmir shartnomasi asosida ishlaydi. 1992 yildan keyin bu tashkilot faoliyati faollashdi. Chunki bu yil unga Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston qo‘shildi.















