1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Ilon Mask dunyoning eng boy odami sifatida rekord o‘rnatdi

Uning umumiy boyligi 852 milliard dollarga yetgan.

Ilon Mask dunyoning eng boy odami sifatida rekord o‘rnatdi

 

Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, amerikalik tadbirkor Ilon Mask insoniyat tarixida sof boyligi 800 milliard dollardan oshgan birinchi shaxs bo‘ldi. Uning umumiy boyligi 852 milliard dollarga yetgan.

 

Mask boyligining keskin oshishiga SpaceX kompaniyasining sun’iy intellekt yo‘nalishidagi xAI kompaniyasini sotib olishi sabab bo‘lgan. Nashrga ko‘ra, mazkur bitim tadbirkorning sof boyligini bir yo‘la 84 milliard dollarga oshirgan.

 

Bitimdan avval Ilon Mask SpaceX’ning qariyb 42 foiziga, xAI’ning esa 49 foiziga egalik qilgan. SpaceX 1 trillion dollarga, xAI esa 250 milliard dollarga baholangan qo‘shilishdan so‘ng Mask umumiy qiymati 542 milliard dollarga teng bo‘lgan kompaniyaning 43 foiz ulushini saqlab qoldi. Forbes’ning ta’kidlashicha, SpaceX hozirda Maskning eng qimmat aktiviga aylangan.

 

Bundan tashqari, Ilon Mask Tesla kompaniyasining 12 foiz aksiyalariga (178 milliard dollar) hamda 124 milliard dollarlik aksiya opsionlariga ega. Bu ko‘rsatkichlar uni boshqa milliarderlardan keskin oldinga olib chiqdi.

 

Reytingda ikkinchi o‘rinni Google asoschilaridan biri Larri Peyj egallab turibdi. Uning sof boyligi 281 milliard dollarga baholanmoqda, bu Maskdan qariyb 570 milliard dollarga kam.

 

The Economist nashrining yozishicha, SpaceX va xAI o‘rtasidagi “mega-birlashuv” iqtisodiy jihatdan bahsli hisoblanadi. Nashr xAI’ning katta moliyaviy xarajatlari, past daromadi va qarzdorligi sababli Mask SpaceX mablag‘lari orqali sun’iy intellekt loyihasini subsidiyalashga majbur bo‘layotganini qayd etadi.

 

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada X ijtimoiy tarmog‘i yuzasidan olib borilayotgan tergovlar SpaceX uchun moliyaviy xavf tug‘dirishi mumkin. Jarimalar kompaniya global daromadining 6–10 foizigacha yetishi ehtimoli bor.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика