Milliarder Ilon Mask 2026-yilda AQSHda bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar arafasida respublikachilarning siyosiy kampaniyasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, dunyoning eng boy odami allaqachon Respublikachilar partiyasidan Senatga nomzod bo‘lgan siyosatchiga 10 million dollar miqdorida xayriya ajratgan. Shuningdek, Mask va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasida avval taranglashgan munosabatlar so‘nggi paytlarda asta-sekin yumshab borayotgani qayd etilmoqda.
Nashr yozishicha, so‘nggi haftalarda Maskning siyosiy jamoasi raqamli platformalar va siyosiy kommunikatsiya loyihalari ustida ishlash uchun ehtimoliy pudratchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Ilon Mask 2024-yilgi prezidentlik saylovlari jarayonida Donald Tramp va respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 300 million dollar sarflagan va AQSHdagi eng yirik siyosiy donor sifatida eʼtirof etilgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, hozirgi yaqinlashuv pragmatik ittifoq bo‘lib, u Maskka Oq uy va amaldagi maʼmuriyat bilan taʼsir kanallarini saqlab qolish imkonini beradi.
2025-yilda Mask AQSH Hukumat Samaradorligi Departamenti (DOGE) koordinatori va maxsus tayinlangan xodim sifatida bepul faoliyat yuritgan. U bir muddat Trampning yaqin siyosiy doirasiga kirgan. Biroq, keyinchalik tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar biznes manfaatlari va siyosiy kelishmovchiliklar sabab sovuqlashgan.
5-iyun kuni Mask va Tramp ijtimoiy tarmoqlarda ochiq bahsga kirishgan. Keyinchalik Mask prezident haqidagi keskin bayonotlaridan afsus bildirganini maʼlum qilgan.


