Afg‘onistonning ayrim ommaviy axborot vositalari 26 noyabr kuni Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon Adiala qamoqxonasida vafot etgani haqida xabarlar eʼlon qildi. Ularning xabariga ko‘ra, siyosatchi “sirli tarzda” hayotdan ko‘z yumgan va uning jasadi qamoqxona hududidan olib chiqilgan.
Biroq mazkur xabar hozircha Pokiston hukumati, Adiala qamoqxonasining maʼmuriyati yoki Imron Xonning partiyasi — Pokiston Tehrik-e-Insaf (PTI) tomonidan tasdiqlanmadi. Yetakchi xalqaro axborot agentliklari ham bu borada rasmiy xabar bermagan.
Mazkur xabar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuv ko‘tarilib, Imron Xon tarafdorlari va uning yaqinlari qamoqxona yaqinida to‘planayotgani haqida postlar paydo bo‘lgan.
Maʼlumot uchun, Imron Xon turli jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan holda qamoqda saqlanayotgandi. Oxirgi yillarda uning sog‘ligi yoki o‘limi haqidagi yolg‘on xabarlar bir necha bor tarqalgan va keyinchalik rad etilgan.


