Indoneziyaning Sulavesi orolidagi nikel zavodida ro‘y bergan portlash oqibatida kamida 13 ishchi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi, deya xabar berdi BBC.
Dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, portlash taʼmirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Bu yana bir necha portlashlarga sabab bo‘ldi. Chunki yaqin atrofda ko‘plab kislorod baklari bo‘lgan.
Bir necha soatdan keyin yong‘in o‘chirilgan. Portlashda 8 nafar indoneziyalik va 5 nafar xitoylik halok bo‘lgan.
Tuman rahbari vazifasini bajaruvchi Raxmansiya Ismoilning mahalliy matbuotga aytishicha, jarohatlanganlarning deyarli yarmi xorijlik ishchilar bo‘lib, ulardan kamida 17 nafari og‘ir yaralangan.
Kompaniya jabrlanganlarni davolash xarajatlarini qoplashini aytdi.
Maʼlumot uchun: IMIP — zanglamaydigan va karbonli po‘lat ishlab chiqaradigan Xitoy kompaniyasiga tegishli nikel eritish zavodi.
Shu yil boshida xuddi shu sanoat parkidagi nikel zavodida norozilik namoyishi chog‘ida xitoylik va indoneziyalik ishchilar halok bo‘lgandi.
Shuningdek, bir necha oy oldin xuddi shu zavodda sodir bo‘lgan yong‘in natijasida bir ishchi halok bo‘lgan va olti kishi jarohatlangan.


