Yer sayyorasida global harorat rekordlari yangilanishda davom etmoqda. Yevropa iqlim monitoringi xizmati – Copernicus tomonidan e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil may oyi kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq may bo‘lib qayd etildi. Bu oyda Yerning o‘rtacha harorati sanoat inqilobidan oldingi davrga nisbatan 1,4°C ga yuqori bo‘lgan.
Mutaxassislar bu xavotirli tendensiya ortib borayotganidan ogohlantirmoqda. 2025-yilning oldingi oylarida ham o‘ta issiq haroratlar kuzatilgan: aprel – kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq aprel bo‘ldi, mart esa umuman rekord yangilangan.
Copernicus xizmati direktori Karlo Buontemponing ta’kidlashicha, haroratning 1,5°C kritik chegaraga yaqinlashgan vaqti uzayib bormoqda. U bu holat hozircha vaqtinchalik ko‘rinishi mumkinligini, ammo yaqin kelajakda yana harorat rekordlari qayd etilishi ehtimoli katta ekanligini bildirgan.
Ayniqsa, Yevropaning shimoli-g‘arbiy hududlarida vaziyat tashvishli tus olgan. Bahor mavsumi bu yerda nihoyatda quruq kechgan — ayrim joylarda 1979-yildan buyon eng kam yog‘ingarchilik va tuproq namligi kuzatilgan.
Global iqlim o‘zgarishining bunday jadallikda davom etishi insoniyatni nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ham jiddiy oqibatlar bilan yuzlashtirishi mumkin.


