Islandiyalik Feliks Getarsson ikki qo‘li va yelkasi ko‘chirib o‘tkazilgan birinchi odam bo‘ldi. Uning ikkala qo‘li bundan 23 yil oldin amputatsiya qilingan. O‘shanda u elektr ta’minotidan o‘chirilmagan kabelni ushlab, 11 000 volt kuchlanish olgan.
U shifoxonada 3 oy komada yotgan. Shifokorlar Feliksning qo‘llarini avval tirsakkacha kesib tashlashgan, ahvol yomonlashgach, ikki qo‘li va bir yelkasi qisman kesib tashlangan. Feliks o‘ziga kelgach, nogiron bo‘lib qolganini ko‘tara olmagan va ichkilikka berilib ketgan. Buning oqibatida unda jigar sirrozi rivojlangan. Shifokorlar uning jigarini ham ko‘chirib o‘tkazishga majbur bo‘lishdi.
Shundan so‘ng u hayotini o‘zgartirishga kirishdi. Tibbiyotdagi so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun Feliks ingliz tilini o‘rgandi, keyinchalik Fransiyaga ko‘chib o‘tdi. 2021-yilda kutilgan voqea bo‘ldi: Feliksga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘llarni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rishni aytishdi. Operasiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Endi Feliks uzoq muddat reabilitatsiya o‘tashi kerak. U ijtimoiy tarmoqlarda dastlabki natijalarini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq dunyoda birinchi marta insonga cho‘chqa yuragi muvaffaqiyatli ko‘chirib o‘tkazilgan edi.


