Unda 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Islom — bu maʼrifat, insonparvarlik va bagʻrikenglik dini” degan tamoyil markaz faoliyatining poydevori ekani alohida taʼkidlanadi. Shuningdek, Markazning gʻoyaviy asoslari, noyob loyihalari hamda boy ilmiy-maʼnaviy merosi xalqaro auditoriyaga taqdim etilgan.
Videolavhada Markaz delegatsiyasining dunyo boʻylab olib borayotgan izlanishlari, yoʻqolib ketgan madaniy va tarixiy meros namunalarini vatanga qaytarish yoʻlidagi saʼy-harakatlari yoritilgan. Qisqa vaqt ichida mingdan ortiq noyob artefaktlar Oʻzbekistonga qaytarildi, yana mingga yaqin eksponat esa saxovatli xayriyachilar va sanʼat dilerlari tomonidan markaz fondiga hadya qilindi.
Shuningdek, Markaz tarkibidagi bolalar muzeyi, 200 mingdan ortiq qoʻlyozmalar saqlanadigan kutubxona hamda noyob tarixiy yodgorliklar, jumladan, YuNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan VII asrga oid Usmon Mushafi haqida maʼlumot beriladi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy va ilmiy merosni asrab-avaylash hamda qoʻlyozmalarni vatanga qaytarish masalasiga qaratayotgan alohida eʼtibori taʼkidlanadi. Markaz yaqin kelajakda oʻz eshiklarini ochib, jamoatchilikka taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Euronews va CNN orqali namoyish etilgan ushbu videolavha Islom sivilizatsiyasi markazini zamonaviy Oʻzbekistonning maʼrifiy va madaniy ramzi sifatida jahon hamjamiyatiga tanitishga xizmat qilmoqda.


