Islom taraqqiyot banki (IsDB) tomonidan O‘zbekiston Respublikasida infratuzilma va taʼlim sohalarini rivojlantirish maqsadida 164 million AQSH dollari miqdorida moliyaviy mablag‘ ajratilishi belgilandi. Bu haqda IsDB matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur moliyalashtirish bo‘yicha bitimlar Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya doirasida imzolandi. Hujjatlarga IsDB prezidenti Muhammad Al-Jassir hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov imzo chekdi.
Kelishuvga ko‘ra, ajratilayotgan mablag‘larning 70 million AQSH dollari Jizzax viloyatidagi Dashtobod–Zomin–Baxmal–G‘allaorol avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasiga yo‘naltiriladi. Mazkur loyiha doirasida 143 kilometr hududiy yo‘llar hamda 30 kilometr mahalliy yo‘llarni taʼmirlash rejalashtirilgan. Ushbu ishlar natijasida qariyb 200 ming nafar aholi uchun transport xavfsizligi va harakat qulayligi sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.
Shuningdek, mablag‘larning 94,06 million AQSH dollari SmartEd taʼlim loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida 58 ta yangi umumtaʼlim maktabi qurilishi hamda 2431 ta zamonaviy o‘quv sinfi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Natijada har yili 72 ming nafardan ortiq o‘quvchini sifatli taʼlim bilan qamrab olish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur moliyaviy ko‘mak mamlakatda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, taʼlim sifati va qamrovini kengaytirish hamda hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilishi taʼkidlanmoqda.


