"Real" "Leganes"ga qarshi o'ziga xos o'yin namoyish qildi. Kurtua qaytdi, shuningdek jamoada bir qator ijobiy o'zgarishlar amalga oshirilgani yaqqol sezildi. Ko'plab jarohatlar tufayli Anchelotti tajriba o'tkazishga majbur bo'ldi. Valverde himoyada o'ngroqda harakat qildi. Nihoyat, Guler jamoada ko'rinish berdi. Birinchi marta 21 yoshli Raul Asensio asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Vinisius hujumda markaziy nuqtada harakat qildi. Mbappe chap qanotni egalladi. Ko'rinib turibdiki, murabbiylar shtabi shunday qilib futbolchini o'zining odatdagi roliga qaytarishga urinib ko'rdi. Shu orqali unda biroz ishonch paydo bo'ladi. Yana bir yangilik "Real Madrid" muxlislarini albatta xursand qiladi - bir oylik tanaffusdan keyin Kurtua qaytdi. Bu Chempionlar ligasi doirasidagi "Liverpul"ga qarshi bahs oldidan sodir bo'lgani jamoa uchun foydali bo'ldi.
Mbappe haqiqatdan ham chap qanotni ancha faollashtirdi. Beshinchi daqiqada u Dmitrovichning reaksiyasini sinab ko'rdi. 10-daqiqada u Vinisiusning uzatmasidan so'ng jamoasining birinchi goliga mualliflik qildi. Ammo bu holat ofsayd sabab bekor qilindi. Biroq, birinchi bo'lim oxirida braziliyalik futbolchi yana Mbappega ajoyib uzatmani amalga oshirdi. Bu safar gol inobatga olindi. Mbappe esa shu vaqtga qadar davom etib kelayotgan tanqidlarga javob bergandek bo'ldi.
"Real Madrid" bahs davomida aniq imkoniyatlarga ega bo'lmadi, ammo ulardan unumli foydalanishga muvaffaq bo'ldi. "Leganes" umuman hech qanday qarshilik qilolmadi. Asensio oldinga siljish orqali samarali himoyalanishga yordam berdi. Guler ham yaxshi harakat qildi: bir marta u ikki futbolchini aldab o'tib, uzoq burchakka zarba berdi, ammo Dmitrovich jamoasini goldan qutqarib qoldi. Ikkinchi bo‘lim boshida Kurtua bir qator golli vaziyatlarni oldini olishda faollik ko'rsatdi. "Leganes" futbolchilari bo'lim boshidan raqibga qarshi bosim qilishni boshladi. Ammo, bir qator vaziyatlarda jamoaga omad kulib boqmadi.
“Real” esa qarshi hujumlar orqali raqib jamoani jazolashni rejalashtirdi. Ana shunday vaziyalardan birida Valverde jarima zarbasini ajoyib golga aylantirishga muvaffaq bo'ldi. Urugvaylik futbolchining yerlab bergan zarbasi darvoza to'riga borib tushishi oqibatida, madridliklar ikkita to'p farqi bilan oldinga chiqib oldi. O'yin oxirida esa "Real Madrid" hisobni 3:0 ko'rinishiga keltirdi. Brahimning zarbasidan so'ng, to'singa tegib qaytgan to'pni Bellingem bilan boshi golga aylantirdi. "Real" kerakli joyda ochko ishlashga muvaffaq bo'ldi. "Barsa" bilan farq esa ancha qisqardi. Klassikodan keyin chempionlik intrigasi nisbatan pasaygandek tuyilgandi. Ammo, endi birinchilik uchun kurash yanada qizg'in tus oladi.


