2-mart kuni Isroil G‘azo sektoriga har qanday gumanitar yordam kirishini butunlay to‘xtatdi. Bu haqda Isroil Bosh vaziri devonxonasi ma’lum qildi.
Isroil rasmiylari ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu qaror asosiy asirlarni almashish kelishuvi yakunlangani va HAMASning AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff takliflarini rad etgani sabab qabul qilingan. Natijada, 2-mart tongidan boshlab G‘azoga birorta ham yuk kiritilmayapti.
HAMAS harakati bu qarorni keskin qoralab, uni harbiy jinoyat va sulh kelishuviga jiddiy zarba deb atadi.
– Netanyaxuning gumanitar yordamni to‘xtatish qarori – bosim o‘tkazish, harbiy jinoyat va sulh bo‘yicha kelishuvga zarar yetkazish bilan teng, – deyiladi HAMAS bayonotida.
Ushbu harakat xalqaro hamjamiyat va vositachi davlatlarni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirib, G‘azodagi 2 milliondan ortiq insonning og‘ir ahvoliga barham berish choralarini ko‘rishga undadi.
HAMAS, shuningdek, Isroil hukumati AQSHning Ramazon va yahudiylarning Pasxa bayrami (12-20-aprel) davrida vaqtinchalik sulh taklifini qabul qilganini eslatib o‘tdi.
Ular Netanyaxuni "ichki siyosiy manfaatlarini ko‘zlab, asirlar va G‘azo aholisi hayoti evaziga yangi inqiroz yaratishda" aybladi.
G‘azo sektorida davom etayotgan taxminan 17 oylik harbiy harakatlar natijasida hududning katta qismi vayronaga aylangan, 45 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan va aksariyat aholi og‘ir turmush sharoitida yashashga majbur bo‘lib qolgan.


