Istanbulda kuchli bo‘ron sabab barcha parom va ayrim kanat yo‘llari qatnovi to‘xtatildi. Bu haqda Haberlar nashri xabar berdi.
Meteorologiya Bosh boshqarmasining oldindan bergan ogohlantirishlaridan so‘ng, Istanbulda kuchli bo‘ron boshlandi. Janubi-g‘arbiy yo‘nalishdan esayotgan kuchli shamol Marmara dengizi va bo‘g‘oz hududlarida ulkan to‘lqinlarni yuzaga keltirdi.
Noqulay ob-havo sharoiti sababli dengiz transporti faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatildi. Istanbul shahar hokimiyatiga qarashli “Şehir Hatları AŞ” kompaniyasi rasmiy bayonotida barcha parom reyslari ikkinchi ogohlantirishgacha bekor qilinganini ma’lum qildi. Xuddi shunday qaror IDO kompaniyasi tomonidan ham qabul qilingan.
Shuningdek, Metro Istanbul ma’lumotiga ko‘ra, ob-havo sharoiti yomonlashgani sababli TF1 Maçka–Taşkışla va TF2 Eyüp–Piyer Loti kanat yo‘llari qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
Bo‘ron oqibatida Zeytinburnu va Beshiktosh sohillarida kuchli to‘lqinlar qirg‘oqqa urilib, ayrim hududlarda xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Ba’zi fuqarolar to‘lqinlar xavfini e’tiborga olmagan holda qirg‘oqda bo‘lib, suv ostida qolib ketgan holatlar kuzatildi.
Bundan tashqari, Istanbulning Havaalani tumanidagi Taşoca ko‘chasida to‘rt qavatli binoning tom qismi bo‘ron ta’sirida uchib ketdi. Tom bo‘laklari ikki dona to‘xtab turgan avtomobil ustiga qulab tushgan.
Mazkur hodisa oqibatida transport vositalariga moddiy zarar yetkazilgan, jabrlanganlar yo‘q. Voqea joyiga tibbiyot, o‘t o‘chirish va favqulodda xizmatlar jalb etilib, hudud xavfsizligi ta’minlandi.


