2022-yildan beri Italiya Ukrainaga taxminan 3 milliard yevro miqdorida qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib bergan. Bu haqda Italiya mudofaa vaziri Guido Krozettoning parlament xavfsizlik qo‘mitasi yopiq yig‘ilishida ma'lum qilgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, bu qurol-yarog‘ Ukrainaga alohida xarid qilinmagan, balki Italiya qurolli kuchlari omborlarida yillar davomida to‘plangan ortiqcha zaxiralardan iborat. Shu bilan birga, 11-may kuni Italiya Tashqi ishlar vazirligi ham Rim tomonidan Kiyevga harbiy va gumanitar ehtiyojlar uchun 2,5 milliard yevro yo‘naltirilganini ma’lum qilgan.
Vazir Krozettoning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga asosan eskirgan texnika yuborilgan bo‘lsa-da, bu Italiya uchun milliy arsenallarni to‘ldirish zaruratini yuzaga keltirgan. Shu sababli Bosh shtab boshlig‘iga mamlakatdagi barcha mavjud qurol-yarog‘larni qayta inventarizatsiya qilish topshirilgan.
2022-yildan beri Italiya Ukrainaning harbiy ehtiyojlarini qoplash uchun 10 ta harbiy yordam paketini tuzgan. Ilgari xabar qilinganidek, 11-yordam paketiga 400 dona M113 zirhli transportyor kiritilgan bo‘lib, ularning utilizatsiyasi ularni Ukrainaga jo‘natishdan qimmatroqqa tushishi mumkin edi.
Yuborilgan harbiy yordam tafsilotlari rasman tasniflangan bo‘lsa-da, mahalliy OAV ayrim ma’lumotlarni e’lon qilib kelmoqda. Xususan, ilgari Kiyevga M113 BTR va SAMP/T zenit-raketa majmualari yuborilgani haqida xabarlar tarqalgan.


