Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan Italiyada O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekistonning ushbu davlatdagi elchixonasi hamda Rim shahridagi “Sandro Teti Editore” nashriyot uyi tomonidan “Boburnoma” asarining italyan tilidagi tarjimasi taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Tarjima mazkur nashriyot tarafidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zboshisi bilan ko‘p nusxada chop etilgan.
Florensiya shahridagi tarixiy “Palasso Strossi” qasrida tarixchi va sharqshunos olimlar, jamoat va madaniyat arboblari ishtirokida tashkil etilgan marosimda Boburning hayoti va ijodi, “Boburnoma” asarining mohiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda italiyalik atoqli olim, professor Franko Kardini, “Palasso Strossi” majmuasi prezidenti, Italiya Senati aʼzosi Rekardo Nenchini, “Sandro Teti Editore” nashriyoti rahbari Sandro Teti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, professor Bahrom Abduhalimov, O‘zbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Abat Fayzullayev, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov va boshqalar so‘zga chiqib, “Boburnoma”ning ushbu mamlakatda nashr etilishi ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-maʼnaviy aloqalar rivojida muhim voqea bo‘lganini taʼkidladilar.


