Ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinadi. Bu haqda Prezident raisligida Buxoroda bo'lib o'tayotgan yig'ilishda ma'lum qilindi.
Ta'kidlanishicha, bundan buyon Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi. Bunda vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz yetkazib berish kafolatini beradi, issiqxonalar esa yetkazib berilgan yoqilg‘i uchun to‘liq hisob-kitob qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni ichki bozorga va eksportga chiqarish bo‘yicha majburiyat oladi.
Ixtiyoriy tarzda ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalar davlat tomonidan rag‘batlantiriladi. Jumladan, issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablag‘ uchun 14 foizli kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi. Shuningdek, abiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ham 650 milliard so‘m kredit resurslari yo‘naltiriladi.
Bundan tashqarim issiqxonalarda serdaromad mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida chetdan olib kelinadigan gul tuganaklari, piyozboshlari va qalamchalari 2025 yilga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi. Shu bilan birga, 1 mingta issiqxonaning 2,2 trillion so‘mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladi.
"Qishdagi qattiq sovuqdan eng ko‘p zarar ko‘rganlardan biri bu – issiqxonachilar. Ularning barcha muammolaridan xabarim bor", - dedi Prezident.
Yig'ilishda ta'kidlanishicha, so‘nggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetdi, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi esa 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paygan.


