Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi korruptsiya ayblovlari bilan hibsga olindi. Seul markaziy tuman sudi unga nisbatan hibsga olish orderini bergan bo‘lib, bu tarixda ilk bor sobiq prezident va uning turmush o‘rtog‘i bir vaqtning o‘zida qamoqda qolayotgan holatni yuzaga keltirdi. Prokurorlar order berilishiga “dalillarni yo‘q qilish xavfi” sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Kim Gon Xiga kapital bozor va moliyaviy investitsiyalar qonunlarini buzish, noqonuniy siyosiy mablag‘ olish hamda qimmatbaho sovg‘alarni qabul qilish kabi uchta asosiy ayblov qo‘yilgan. U 2009–2012 yillarda BMW dilerligi Deutsch Motors aksiyalarini manipulyatsiya qilish orqali 800 million von (taxminan 428 ming funt) daromad olganlikda gumon qilinmoqda. Shuningdek, u 2022 yilgi qo‘shimcha saylovlarda konservativ Xalq kuchi partiyasi nomzod tanlovlariga ta’sir ko‘rsatish uchun noqonuniy so‘rov xizmatlari orqali 270 million von qiymatidagi siyosiy mablag‘larni olganlikda ayblanmoqda.
Uchinchi ayblovga ko‘ra, Kim Gon Xi Kambodjadagi qurilish loyihalariga ijobiy sharoit yaratish evaziga bir shaman vositachiligi orqali “Birlashish cherkovi”dan Chanel sumkalari va qimmat zargarlik buyumlari kabi hashamatli sovg‘alarni qabul qilgan. U so‘nggi haftada yetti soatdan ortiq tergovchilarga so‘roq berib, barcha ayblovlarni rad etdi.
Kim Gon Xi Seulning janubi-g‘arbidagi Nambu qamoqxonasida saqlanadi, uning eri esa iyul oyidan beri Seul qamoqxonasida. U sobiq prezidentlik davrida katta siyosiy ta’sirga ega bo‘lgan shaxs sifatida tanilgan, biroq Dior sumka mojarosi kabi bir qator janjallarga ham aralashgan. Yaqinda uning magistr va doktorlik darajalari ilmiy ishlardagi plagiat sabab bekor qilindi.


