1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Vens Janubiy Kavkazga yo‘l olmoqda. Bundan Markaziy Osiyoga nima naf?

Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi transport yo‘lagi shakllantirilishi mumkin.

Vens Janubiy Kavkazga yo‘l olmoqda. Bundan Markaziy Osiyoga nima naf?

 

AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens fevral oyida Armaniston va Ozarbayjonga tashrif buyuradi. Bu safar Vashingtonning Janubiy Kavkazdagi tinchlik jarayoniga va TRIPP (“Xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li”) loyihasini ilgari surishga qaratilgan sa’y-harakatlari kuchayganini ko‘rsatmoqda.

 

TRIPP Armaniston orqali Ozarbayjonning Naxchivon hududini asosiy qism bilan bog‘lashni, shuningdek savdo, energetika, logistika va raqamli aloqalarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Loyiha Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi transport yo‘lagini shakllantirishi mumkin.

 

Biroq tahlilchilarga ko‘ra, tashabbus muvaffaqiyati barqarorlik, shaffoflik va AQSh–Yevropa Ittifoqi muvofiqlashuviga bog‘liq. Mutaxassislar mintaqada sanksiyalarni chetlab o‘tish xavfi mavjudligini eslatib, kuchaygan bog‘liqlik nazorat qilinmasa, moliyaviy xatarlar ortishini ta’kidlashmoqda.

 

Safar 2025-yilda AQSh vositachiligida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida erishilgan tinchlik kelishuvidan keyin amalga oshmoqda. Ekspertlarga ko‘ra, Vashington mintaqaga endi faqat xavfsizlik nuqtayi nazaridan emas, balki iqtisodiy imkoniyatlar prizmasidan ham qaray boshlagan.

 

TRIPP oddiy infratuzilma loyihasi emas — unda raqamlashtirish va ilg‘or texnologiyalar muhim o‘rin tutadi. Agar loyiha Zanguzor va O‘rta yo‘lak orqali Markaziy Osiyo bilan bog‘lansa, yangi mintaqalararo iqtisodiy va raqamli ekotizim shakllanishi mumkin.

 

Shu bilan birga, tahlilchilar TRIPP taqdiri samarali boshqaruv va AQSh, Yevropa Ittifoqi hamda mintaqaviy hamkorlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikka bevosita bog‘liq ekanini ta’kidlashmoqda.

 

Agar TRIPP Armaniston–Ozarbayjon yo‘nalishi orqali Zanguzor va O‘rta yo‘lak bilan bog‘lansa, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston kabi davlatlar Yevropa bozorlariga Rossiya va Eronni chetlab o‘tgan holda chiqish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa mintaqa mamlakatlari uchun eksport geografiyasini kengaytirish, tranzit daromadlarini oshirish, logistika mustaqilligini kuchaytirish kabi real iqtisodiy imkoniyatlarni yaratdi.

 

Shu bilan birga, loyiha G‘arbning Markaziy Osiyodagi ta’sirini kuchaytirish, Xitoyning “Bir kamar — bir yo‘l” tashabbusiga muqobil yo‘nalish yaratish va Rossiyaning tranzit monopoliyasini yumshatish maqsadlariga ham xizmat qilmoqda.

 

Ammo xavf ham bor: kuchaygan transport va raqamli bog‘liqlik mintaqani yirik geosiyosiy raqobat maydoniga aylantirishi mumkin. Shu sabab Markaziy Osiyo davlatlari TRIPP’ga faqat iqtisodiy loyiha sifatida emas, balki uzoq muddatli geosiyosiy qaror sifatida yondashishga majbur bo‘ladi.

 

Qisqasi, TRIPP Markaziy Osiyo uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda — biroq bu eshik ortida katta kuchlar o‘yini ham turibdi.

 

Shohjahon Majidov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика