Jizzax viloyatida haydovchilardan noqonuniy ravishda pul undirib kelgan yo‘l-patrul xizmati xodimi fosh etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, YPX inspektori alkotester qurilmasidan foydalangan holda haydovchilarni spirtli ichimlik iste’mol qilganiga ishontirib, ulardan pora talab qilib kelgan. Xususan, u G‘allaorol tumanida joylashgan YPX maskanida Lacetti rusumli avtomashinani to‘xtatib, haydovchini alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tkazgan. Haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilmaganini bildirganiga qaramay, inspektor uni xizmat xonasiga olib kirib, hujjat rasmiylashtirmaslik evaziga 1 million so‘m talab qilgan.
Natijada haydovchi inspektor ko‘rsatgan bank plastik kartasiga 500 ming so‘m o‘tkazib bergan. Tekshiruvlar davomida mazkur xodim ilgari ham shunga o‘xshash holatlarga qo‘l urgani aniqlangan. U haydovchilarga alkotester so‘nggi 72 soat davomida iste’mol qilingan spirtli ichimlikni aniqlab berishini aytib, ularni chalg‘itgan.
Tezkor tadbirlar jarayonida pora o‘tkazilgan bank kartasi egasi G‘allaorol tumani “Baxt” mahallasida yashovchi, 1977-yilda tug‘ilgan shaxs ekani, u jarima maydonida ishlashi hamda ushbu YPX inspektori bilan aloqadorligi aniqlangan.
Shuningdek, viloyatda yana bir holat qayd etildi. Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi qidiruv-surishtiruv bo‘linmasi katta inspektori va YPX inspektori muddati o‘tgan qarzdorligi sabab jarima maydoniga joylashtirilgan Gentra avtomashinasini 1 million 300 ming so‘m evaziga noqonuniy ravishda chiqarib berishga ko‘maklashgani ma’lum bo‘ldi. Buning uchun ular dalolatnoma hujjatlariga qarzdorlik va taqiqlar yo‘qligi haqida yolg‘on ma’lumot kiritib, muhr bilan tasdiqlashgan.
Bundan tashqari, 11 million so‘mlik MIB qarzdorligi va 4,5 million so‘mlik jarima sabab jarima maydonida saqlanayotgan Nexia avtomashinasi ham 500 ming so‘m evaziga chiqarib berilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi. Prokuratura tomonidan uch nafar xodimga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


