Jizzax viloyati IIB YHXB xabariga ko‘ra, hodisa joriy yilning 15 aprel kuni soat 12:40 larda G‘allaorol tumanidagi “Oqtom” mahallasi hududidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan. Shu kuni Bahmal tumanida yashovchi 32 yoshli haydovchi o‘ziga tegishli bo‘lgan Gentra‘da yuqori tezlikda harakatlanib, rul boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada, qarama-qarshi yo‘nalishda maktab tomon harakatlanib ketayotgan 5 va 7-sinf o‘quvchilarini urib yuborgan.
"100 tezlikda kelayotgandim. Boshqaruvni yo‘qotdim. Asfalt yo‘lida yomg‘ir edi. Mashinamning orqasi o‘ynab ketdi. Qo‘rqqanimdan rulni to‘g‘irlay olmadim. Natijada, bolalarni urib yubordim", - deydi haydovchi.
YTH natijasida, bolalar vafot etishgan. Mashina yo‘l chetida bog‘lanib turgan qoramolni urib ketgan. Mashina zarbi kuchidan u ham vafot etgan.
Aniqlanishicha, haydovchi 2023 yilning dekabr oyidan shu kungacha 11 marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgani aniqlangan. Hozirda hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


