Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida kelinning sepi MIB orqali olib berildi. Bu haqida MIB axborot xizmati Zamon.uz'ga maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosining Mirzacho‘l tuman bo‘limiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning ijro hujjati kelib tushgan. Unga ko‘ra, fuqaro M.M. foydasiga ajrashganidan so‘ng, kelin bo‘lib borgan uyidan 32 turdagi shaxsiy mol-mulkni (kelinlik sarpolarini) qaytarib berish belgilangan.
Davlat ijrochisi ushbu ijro hujjati asosida ishga kirishdi. Qarzdor bilan muzokaralar olib borilib, zarur ijro harakatlari amalga oshirilgan. Xolislar ishtirokida hujjatda ko‘rsatilgan barcha 32 turdagi mol-mulk xatlovdan o‘tkazilib, undiruvchi — kelinga qaytarib berilgan.
“MIB xodimlarining tezkor va qonuniy harakatlari natijasida fuqaro o‘z qonuniy mulkini to‘liq qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi”, deyiladi xabarda.


