Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar yana bir xavfli doridan ogohlantirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Xo‘sh, bu o‘zbekistonliklar uchun qanchalik xavotirli? Mazkur savolga Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi Axborot xizmati javob berdi.
Markazning qayd etishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonning “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Gvayfenazin” siropining (GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP) sifatsiz seriyasi bo‘yicha ogohlantirish eʼlon qilgan.
Maʼlum qilinishicha, “Gvayfenazin”siropining sifatsiz partiyasi Marshall orollari va Mikroneziya (Federativ Shtatlari) hududida aniqlangan. Avstraliyaning Tibbiy buyumlar nazorati boshqarmasi laboratoriyasida o‘tkazilgan tahlillar natijasiga ko‘ra, “GUAIFENESIN SYRUP TG SYRUP” preparti tarkibida mumkin bo‘lmagan miqdorda dietilenglikol va etilenglikol yot aralashmalari borligi qayd etilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, JSST suyuq dori shakllarini, xususan, siroplarni ishlab chiqaruvchilar propilenglikol, polietilenglikol, sorbit va/yoki glitserin kabi yordamchi moddalarni o‘z ichiga olgan tegishli preparatlarni ishlab chiqarishdan oldin ushbu yordamchi moddalarning tarkibida etilenglikol va dietilenglikol aralashmalari mavjudligini tekshirishni tavsiya etmoqda.
"Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi" ushbu sirop va uni ishlab chiqaruvchi “QP PHARMACHEM LTD” kompaniyasining boshqa dori preparatlari O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligini qayd etdi.
Maʼlumot uchun, “Gvayfenazin” preparati balg‘am ko‘chiruvchi vosita bo‘lib, uning nafas yo‘llaridan chiqarib yuborilishini yengillashtirish va yo‘talni kamaytirish uchun qo‘llaniladi.


