Kecha, 20-noyabr kuni Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “2024 yil uchun davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur hujjat 2024 yil uchun O‘zbekiston byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan. Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 2024 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz etib belgilangan bo‘lib, 2025-2026 yillarda bu ko‘rsatkichni 3 foizdan oshirmaslik nazarda tutilmoqda.
Davlat byudjetida ijtimoiy sohaga yana bir qator muhim xarajatlar ko‘zda tutilmoqda. Kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar to‘lash uchun 10 trln so‘mdan ortiq, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalarga nafaqalar to‘lash uchun 3,6 trln so‘mdan ortiq, mehnatga layoqatsiz va zarur ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga nafaqalar uchun esa 2,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zXDP fraksiyasi aʼzolarining taʼkidlashicha, ushbu xarajatlar aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyatda barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Fraksiya aʼzolari kun tartibidagi masalalar yuzasidan keltirilgan raqamlar, taqdim etilgan maʼlumotlar, savol-javoblardan kelib chiqib, kelgusi yil uchun davlat byudjeti loyihasini qo‘llab-quvvatladi.