Kanada g‘arbidagi Alberta provinsiyasining 25 mingga yaqin aholisi 100 dan ortiq o‘rmon yong‘inlaridan qochib, uylarini tark etdi. Hokimiyat vakillari «misli ko‘rilmagan inqiroz haqida» gapryapti, deya xabar berdi Deutsche Welle.
6 may kuni Kanada g‘arbidagi Alberta provinsiyasida o‘rmon yong‘inlari ko‘payishi munosabati bilan favqulodda holat joriy etildi. Provinsiya Bosh vaziri Daniel Smitning taʼkidlashicha, «barcha resurslar ushbu misli ko‘rilmagan inqiroz bilan kurashishga yo‘naltirilishi kerak».
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 25 mingga yaqin odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Baʼzilari qayiq va vertolyotda xavfsiz joyga olib ketildi. Yana minglab aholiga evakuatsiya qilishga tayyorlanishlari aytilgan.


