Kengashga O‘zbekiston, Tojikiston, Belarus Qozog‘iston, Rossiya, Turkmaniston, Ozarbayjon, Moldova, Gruziya singari mamlakatlar davlat kinostudiyalari, kinematografiya tashkilotlari rahbarlari taklif etilgan.
Anjumanning ochilishida ishtirok etgan Tojikiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Matlubaxon Sattoriyon MDX mamlakatlari o‘rtasida kinomatografiya sohasida bugungi hamkorlik aloqalari haqida to‘xtalib, bu borada O‘zbekiston kinoijodkorlarining hissasini alohida eʼtirof etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, "O‘zbekfilm" kinokonserni direktori Bahodir Adilov, "Tojikfilm" davlat muassasasi rahbari Mahmasaid Shoxiyon va boshqalar O‘zbekiston va Tojikiston kino sanoatida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar, hamkorlikdagi kinoloyihalar haqida so‘z yuritdi.
Ayni paytda ikki mamlakat kinoustalari tomonidan ,"Navoiy va Jomiy" va "Notanish yulduz" badiiy filmlari ustida ish olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz mazkur xalqaro anjuman doirasida Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkazilmoqda. Tojikistonlik kino muxlislarga "101-reys", "Bir kunlik to‘y", "Tutqunlik", "Matonat maktabi" singari badiiy va hujjatli filmlar namoyish etilmoqda. O‘zbekiston kinosi kunlari Dushanbe va Hisor shaharlari, So‘g‘d, Xatlan, Tog‘li Badaxshon viloyatlarida ham davom etmoqda.


