1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Ko‘ngillarda umid uchquni alangalatgan uchrashuv

Xalq roziligi uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilinmoqda.

Ko‘ngillarda umid uchquni alangalatgan uchrashuv

 

Farzand dunyoga kelsa u o‘zi bilan birga olam-olam quvonch-u shodlik, tantana olib keladi. Ammo bu quvonch birdaniga achchiq alamlarga almashib qolsachi? Sog‘lom deya o‘ylagan dilbandining nogiron bo‘lib qolishi ota-ona uchun qanchalar og‘riqli bo‘lishini hech tasavvur qilib ko‘rganmisiz? Asli, ota-onaga bundan ortiq azob yo‘q, bu dunyoda.

 

Chiroqchilik Maqsuda Abduxoliqova qizi Go‘zal Abduraimovaning ikkala buyragi ham ishlamay qolgan: faqat gemodializ bilan hayoti saqlab turilibdi. Onaizor qizi sog‘ayib ketishi uchun o‘z buyragini berishga rozi. Biroq buyrak ko‘chirish amaliyoti uchun mablag‘i yo‘q.

Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabulda ayni, shu masalada najot istab kelgan Maqsuda Abduxoliqova murojaatidan so‘ng jarrohlik amaliyoti xarajatlari davlatimiz tomonidan qoplab beriladigan bo‘ldi.

 

Bir insonning ishli bo‘lishi – bir oilaning daromadli bo‘lishi degani

 

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan Qashqadaryo viloyatida tashkil qilingan ommaviy qabullarda ham inson qadrini ulug‘lash, insonga xizmat qilish, xalq manfaatini amalda taʼminlash  nainki asosiy mezon, balki pirovard maqsad bo‘ldi. Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi masʼullari, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Bosh prokuratura va o‘ttizga yaqin vazirliklar-qo‘mitalar masʼullaridan tarkib topgan Respublika ishchi guruhining viloyatdagi muloqotlarida odamlarni o‘ylantirayotgan har bir masalani o‘rganish va murojaatlarda aytilayotgan muammolarga yechim topish uchun bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi.

 

 

Qabullar jarayonida tadbirkorlik, kredit ajratish, mehnat va bandlik yo‘nalishidagi har bir masalani hal qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sababi bir insonning ishli bo‘lishi – bir oilaning daromadli bo‘lishi degani.

 

Deylik, Kitob tumanidagi “Asl konserva” korxonasi yiliga 500 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash quvvatiga ega. Korxona boshqaruvchisi Shohjahon Nazarov Bosh prokuratura masʼullaridan xom ashyo sotib  olish uchun kredit ajratishda amaliy yordam so‘radi. Murojaatdan so‘ng bu masala hududiy mutasaddilar bilan birga ko‘rib chiqilib, korxonaga 650 million so‘m mablag‘ ajratib beriladigan bo‘ldi.

 

Kasbilik Azmiddin Aʼlamov 4 yildan buyon tadbirkorlik qiladi. Gidroponika usulida 2,5 gektar yerda issiqxona qurib, 20 nafardan ziyod insonni ish bilan taʼminlagan. Har yili ichki bozorga 100 tonnagacha pomidor yetkazib beradi. Faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha 1 gektar yerda issiqxona tashkil etishni niyat qilgan tadbirkorning 350 ming dollar kredit olish bilan bog‘liq masalasiga ham shu yerda yechim topildi.

 

 

G‘uzor tumanidagi “Jonbuloq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Faxriddin Xudoyberdiyev mahallasida davlat-xususiy sherikchilik asosida “Jonbuloq pahlavonlari” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo qilayotgan tadbirkorga amaliy yordam berishni so‘radi. Murojaatdan so‘ng mazkur nodavlat bolalar bog‘chasi barpo qilish uchun tadbirkorga 7 yilga ikki yillik imtiyozli davr bilan 2 milliard so‘mdan ziyod 5 foizli kredit ajratiladigan bo‘ldi. Bu bilan 17 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, jonbuloqlik 100 nafar bola maktabgacha taʼlimga qamrab olinadi.

 

Muloqotlarda suv, yo‘l, gaz, kommunal sohalar bo‘yicha ham qator masalalarga yechim topilmoqda

 

Deylik, qarshilik Saodat To‘rayevaning Suv xo‘jaligi vazirligi masʼullariga murojaati joyiga chiqib o‘rganilgach, tumanning Arabxona 2 massividan o‘tgan yili “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlaridagi 13 nafar kishiga dehqonchilik qilishi uchun ajratilgan jami 10 gektar yerni sug‘orish masalasi hal qilib berildi. Hududdagi Qo‘ng‘irtog‘ nasos stansiyasidan mazkur 10 gektar yerni sug‘orish uchun alohida limit va nazoratchi biriktirildi. Bu bilan 13 ta oilaning ekinlariga, nihollariga obi hayot yetib bordi.

 

 

Qarshi tumani “Chorgumbaz” mahallasida yashovchi Sharofat Sultonova esa “O‘zsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati masʼullaridan mahalladagi 35 ta xonadonni ichimlik suvi bilan taʼminlashda amaliy yordam so‘radi. Murojaat joyiga chiqib o‘rganilgach, mahallada 1,4 km. ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlari boshlab yuborildi. Suv xo‘jaligi vazirligi masʼullariga murojaatlar asosida viloyatdagi 8 ta suv nasosi va agregatlari ishlatib berildi.

 

Qabullarda sog‘liqni saqlash, davolanish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarga ham yechim topildi. Ko‘kdalalik Toshpo‘lat Boymirzayev tug‘ma yurak "porog"i bilan xastalangan qizi Marjonani davolatish uchun chora topolmay turgan paytda Respublika ishchi guruhining Chiroqchi tumaniga kelgani bu insonning ham qalbidagi umid uchqunlarini alangalatdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi masʼullari qizchani davolanib, sog‘lom hayotga qaytarish uchun barcha chora tadbirlarni ko‘rilishi maʼlum qilindi. Shu kunning o‘zida Marjona Jo‘rayeva respublika kardiologiya markaziga yotqizildi.

 

25 nafar mahkum oilasi bag‘riga qaytarildi

 

Shu bilan birga, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullariga murojaatlardan so‘ng jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan tashkil qilingan sud majlislarida qilmishiga pushaymon bo‘lib, aybidan to‘g‘ri xulosa chiqargan, o‘zini har tomonlama tuzatgan bir qator shaxslarga hayotini o‘nglab olishi uchun katta imkoniyat berildi. Xususan, jinoyat ishlari sudlarining jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazgan sayyor sud majlislarida mahkumlarning 9 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan bo‘lsa, 16 nafarining jazosi yengilrog‘iga almashtirilib, jami 25 nafar mahkum oilasi bag‘riga qaytarildi. 60 nafar mahkum esa umumiy tartibli koloniyadan manzil koloniyalariga o‘tkazildi.

 

3 ming 176 ta masalaning 793 tasi ijobiy hal etildi

 

Bosh prokuratura masʼullariga murojaatlardan so‘ng aliment va ish haqi undirishga oid 38 ta masala hal qilib berildi. Muloqotlar natijasida asossiz ishdan bo‘shatilgan 2 nafar murojaatchi ishiga qayta tiklangan bo‘lsa, 109 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 46 nafar murojaatchi kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirildi.

 

 

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida Qashqadaryo viloyatida besh kun davomida tashkil qilingan ochiq-jonli muloqotlarda ko‘tarilgan 3 ming 176 ta masalaning 793 tasi ijobiy hal qilindi, 1 ming 34 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan bo‘lsa, 1 ming 349 ta masala bo‘yicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.

 

Bahriniso Madumarova tayyorladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика