Tan olishimiz kerak, bugungi kunda qonun osti hujjatlari nihoyatda ko‘payib ketdi. Baʼzida ularning ayrimlari bir-biriga zid bo‘lib qolishiga ham guvoh bo‘lamiz.
Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi amalda taʼminlansagina, inson va fuqarolarning huquq va manfaatlari to‘liq kafolatlanishiga erishishimiz mumkin.
Soddaroq aytganda, endi Konstitutsiyani yaxshilab o‘rgansak, undagi normalar va huquq-majburiyatlarni bilsak, shuni o‘zi manfaatlarni himoya qilish uchun yetarli bo‘ladi. Hech kim Konstitutsiyadan tashqari qaysidir hujjatni ro‘kach qila olmasligi kerak.
Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligi hamda uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi belgilanishi davlat ham inson har bir inson, xalq uchun xizmat qilishi zarurligini anglatadi.
Avvalo, sudlar va davlat organlari, mansabdor shaxslar muhim qarorlar qabul qilishda Konstitutsiyaga tayanishi majburiy hisoblanadi.
Konstitutsiyada sizga muayyan huquq va erkinlik belgilangan bo‘lsa, undan foydalanishda davlat organi tomonidan turli bahonalar o‘ylab topish orqali sizni ovora qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlarining Konstitutsiyaga zid kelmasligi qatʼiy taʼminlanadi. Ilgari Konstitutsiyada yozilgan qoidani tushunish uchun boshqa qonunlarni o‘qishga majbur bo‘lgan bo‘lsak, endilikda qonun-qoidalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Konstitutsiyani o‘zida belgilanmoqda.
Misol uchun, fuqarolar O‘zbekiston hududida erkin harakatlanish huquqi Konstitutsiyada belgilangan bo‘lib, mazkur huquqdan biror-bir mansabdor shaxsning buyrug‘i yoki topshirig‘ini ro‘kach qilib cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, mazkur normani turar joy daxlsizligi huquqiga nisbatan ham qo‘llash mumkin. Sizning mazkur huquqingiz Konstitutsiyada belgilanganligi sababli siz undan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanasiz.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi qabul qilgan xalqaro shartnomalar hamda umumeʼtirof etilgan qoidalarga zid bo‘lmasligi qoida etib belgilanmoqda hamda O‘zbekiston Respublikasining qonunlari uning xalqaro shartnomasiga zid bo‘lgan taqdirda ustunlik Konstitutsiya loyihasi bilan xalqaro shartnomaga berilmoqda.
O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan ko‘plab xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan normalarni bajarish O‘zbekiston uchun majburiydir. Milliy qonunchilikdagi qaysidir norma xalqaro hujjatga mos kelmasa, xalqaro shartnoma qoidalariga amal qilinadi. Ushbu norma O‘zbekiston ratifikatsiya qilmagan hujjatlarga taalluqli emas. Konstitutsiyada ayni jihat mustahkamlanmoqda.
Narimanov Bekzod Abduvaliyevich,
Toshkent davlat yuridik universiteti bo‘lim boshlig‘i


